“O‘zbektelekom” AK aholi uchun zamonaviy bulutli xizmatlarni ko‘rsatadi rrrrrrrr

Bugun 30-noyabr kuni milliy aloqa operatori — “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va kompaniyaning muayyan korporativ mijozlari uchun press-tur tashkil etildi. Unda “O‘zbektelekom” AK “UZCLOUD” bulutli data-markazining keng imkoniyatlari namoyish etildi.

Joriy yilda kompaniya tizimida yirik modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, Toshkent shahridagi mavjud data-markazining quvvatlari oshirildi. Shu sababli hozirda kompaniya o‘z mijozlariga zamonaviy bulutli xizmatlarni taklif qilmoqda.

Tadbir doirasida “O‘zbektelekom” AK mutaxassislari jurnalistlar uchun taqdimot o‘tkazdilar.

Tadbirda zamonaviy quvvatga ega bulutli data-markazni barpo etish maqsadlari —  ma’lumotlarni saqlash va uzaytirishda davlat tashkilotlari, biznes subyektlari, aholi tomonidan o‘sib borayotgan talabini qondirish, shuningdek bulutli hisoblash negizida eng zamonaviy xizmatlarni taqdim etish ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Bulutli data-markazlari samaradorligining eng muhim ko‘rsatgichlaridan biri bu ularning ishonchlilik va xavfsizlik darajasidir.

Ta’kidlash kerakki, “O‘zbektelekom” AK Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining ishonchlilik darajasi Uptime Institute tasnifi bo‘yicha xalqaro Tier III tizimi bilan mos keladi, ya’ni data-markaz barcha muhandislik quyi tizimlarining zaxirasiga ega va Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ishining to‘xtovsiz ravishda ta’mirlash-profilaktika ishlarini o‘tkazishga imkon beradi.

Tadbir davomida, kompaniya mutaxassislari tomonidan “VDC Virtual data-markaz”, “VDI Virtual ish stoli”, “VKS – Video-konferens-aloqa”, “Colocation”, “Web hosting”, “Bulutli video-kuzatuv” va boshqa ko‘plab bulutli servis hamda data-markazning xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

“O‘zbektelekom” AK data-markazning server uskunalari tarkibidagi kontentni mahalliylashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish mahalliy bulutli infratuzilmani takomillashtirish muhim yo‘nalishlaridan biridir. Misol uchun, Rossiyaning VoD-servisi ivi bilan hamkorlikda mamlakat uchun noyob loyiha https://ivi.uztelecom.uz – 95 mingdan ziyod a’lo sifatdagi filmlar, multfilm va seriallarni o‘zida jamlagan hamda O‘zbekiston aholisi uchun har qanday qulay qurilmalarda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lgan onlayn-kinoteatr ishga tushirildi. Bundan tashqari, 2019-yilda dunyoga mashhur kompaniyalardan biri Wargamingꞌning o‘yin klasteri o‘rnatildi.

Shuningdek, joriy yilda “O‘zbektelekom” AK bulutli data-markazi negizida Internet xizmatlarini taqdim etuvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda server uskunalarini va jahondagi yetakchi AKT kompaniyalarining ko‘plab serverlarini mahalliylashtirish ishlari amalga oshirildi. Xizmatlarning mahalliylashtirilishi tufayli O‘zbekiston foydalanuvchilari ma’lumotlarni tezroq olishlari va yuklashlari mumkin.

Press-turda kompaniya vakillariga hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar hamda imkoniyatlar taqdim etildi. “O‘zbektelekom” AK zamonaviy ishbilarmonlik muhitining ehtiyojlarini hamda ma’lumotlar markazining texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘z mijozlariga bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarni taklif etadi, jumladan

  • B2G negizida hisob-kitob xizmatlarni ko‘rsatish;
  • B2C interaktiv bozori;
  • kichik va o‘rta biznesning interaktiv bozori;
  • yirik biznes va moliyaviy institutlar uchun;
  • Subprovayderlik xizmatlari.

 

Tadbir davomida kelgusidagi taraqqiyot istiqbollari haqida ham to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining bulutli xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji doimiy ravishda o‘sib borishini inobatga olib, “2021-2022-yillarda “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro va Qo‘qon shaharlarida har birining umumiy quvvati
50 petabayt bo‘lgan yana ikkita Ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbektelekom” AK aholi, biznes subyektlari, davlat idoralari, shuningdek O‘zbekistonning operator va provayderlari uchun ilg‘or raqamli operator bo‘lishga intilmoqda. Asosiy maqsad – eng keng doirada qo‘llash uchun zamonaviy raqamli infratuzilmani barpo etish va iste‘molchilarga sifatli va ommabop xizmatlarni ko‘rsatadi.

Manba: Axborot xizmati


2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili

Savol va javoblar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali