Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri

Mamlakatimizda 7-May Aloqachilar kasb bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi.

Har birimizning xonadonimizga kirib borgan, kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish, sohaning yuqori darajada yuksalishi hamda ravnaqi yo‘lida faoliyat olib borayotgan, yurtimizda raqamli iqtisodiyot rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan aloqa sohasi xodimlarini ushbu kasb bayrami bilan samimiy tabriklaymiz!

Hurmatli Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bog‘liq.

Shu o‘rinda sohada keyingi vaqtda amalga oshirilayotgan va erishilgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tishni joiz deb topdik.

2011-yilda 1 Mb/s. xalqaro Internet kanalining narxi 939 816 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016-yil ushbu ko‘rsatkich  295 030 so‘mni ko‘rsatdi. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga ko‘ra 2021-yil 1 maydan ushbu narx 32 000 so‘m miqdorida belgilandi va ushbu narx yana 30 foizga pasaydi.

2011-yilda xalqaro tarmoq, yaʼni internet kanali o‘tkazuvchanligi 7,8 Gbit/sni tashkil qilgan. 2020-yilning so‘ngida bu raqam 1 200 Gbit/sga yetkazildi kanallar hajmi 30 barobarga oshirildi.

Internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini taʼminlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 2011-yilda respublika miqyosida 12,6 ming kmga teng bo‘lgan. 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, 2021 yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilomertgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu optik tolali tarmoqlarning qurilishi natijasida butun mamlakat bo‘ylab 9 627 ta xalq taʼlimi obyektlari, 5 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 3 401 ta sog‘liqni saqlash obyektlari sifatli va tezkor Internet aloqasiga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2019-yilda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan 173 ta xizmat ishga tushirilgan bo‘lsa, bu raqam 2020-yilda 218 taga yetkazildi. 2021-yil yakuniga qadar esa ularning sonini 278 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda (o‘sish 1,6 barobar).

Mazkur xizmatlar orqali 2018-yilda 2,4 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan, 2019-yilda 5,8 mln.ta, 2020-yilda 9,8 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan (o‘sish 4,1 barobar).

Davlat tashkilotlari va organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan 2018-yilda 38,7 ming, 2019-yilda 77,7 ming, 2020-yilda esa 380,0 ming nafar foydalanuvchi foydalangan (o‘sish 9,8 barobar).

Bundan tashqari, elektron hukumatning yagona billing tizimi yaratilgan bo‘lib, 2017-yilda umumiy qiymati 20 mlrd. so‘mga teng 16,6 ming ta tranzaksiyalar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 2,8 trln. so‘mga teng 11,5 mln.ta tranzaksiyani tashkil etgan (o‘sish mos ravishda 140 va 693 barobar).

Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IT-park va uning Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand filiallarida 900 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. IT-Park rezidentlarining amalga oshiradigan faoliyat turlari 4 tadan 18 taga kengaytirilib, ularning rezidentlari soni 411 dan ortdi.

Litsenziya va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar litsenziya berish tartibi qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq takliflar amaliyotga joriy etildi, jumladan tadbirkorlik subyektlaridan talab etiladigan hujjatlar 4 taga va litsenziyalar soni 40 tadan 28 tagacha kamaytirildi.

Yuqorida keltirilgan maʼlumot va raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi va uni yana davom ettirish mumkin.

Soha oldiga belgilab berilgan vazifalarni ma’suliyat bilan bajarayotgan soha xodimlarining xizmatlari katta va beqiyosdir. Shunday ekan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sohada olib borayotgan yaratuvchanlik, bunyodkorlik hamda ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilaydi.

Axborort texnologiyalari iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylanib, shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrda mashaqqatli va ma’suliyatli, shu bilan birga, sharafli ishlaringizda mustahkam sog‘liq, oilaviy tinchlik-xotirjamlik, kuch va g‘ayrat hamisha hamrohingiz bo‘lsin.

Manba: Axborot xizmati


2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi

Savol va javoblar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali