“EMMM” DUK tomonidan “Tashkilotlarda ish yuritish, elektron hujjat aylanishi va ijro nazoratini tashkil etish" mavzusida onlayn masofaviy malaka oshirish kurslari tashkil etildi

Tartib-intizom har joyda zarur. Yuksak samaradorlikka ham tartib-intizom tufayligina erisha olamiz. O‘z navbatida, har bir davlat organining vazifa va funksiyalarini amalga oshirishda ijro intizomi muhim o‘rin egallaydi. Korxonaga kelib tushayotgan har bir hujjatni ro‘yxatga olish va uning ijro muddatini belgilash qat’iy tartib asosida amalga oshiriladi.

Bugungi kunda har qanday korxonada ish yuritish va ijro intizomini nazorat qilish dolzarb va eng muhim vazifalardan biri bo‘lib bormoqda. Bu borada ish yurituvchilar va bu vazifaga mas’ul xodimlarning ish ko‘nikmasini, malakasini oshirish maqsadida “EMMM” DUK rahbariyati joriy yilning 17-21-yanvar kunlari “O‘zarxiv” agentligi huzuridagi arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi" (keyingi o‘rinlarda “Markaz”) hamkorligida “Tashkilotlarda ish yuritish, elektron hujjat aylanishi va ijro nazoratini tashkil etish" mavzusida onlayn masofaviy malaka oshirish kurslarini tashkil etdi.

O‘quv dasturiga asosan ish yuritish, ijro nazoratini tashkil qilish, hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish, hujjat saqlovini to‘g‘ri ta’minlash, ijro intizomining monitoringini olib borish, elektron axborot resurslarini shakllantirish, ulardan foydalanish, me’yoriy- huquqiy hujjatlar bilan ishlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, topshiriqlar bajarilishida nazoratni tizimli yo‘lga qo‘yish va axborot xavfsizligini ta’minlash, qonun hujjatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha “Markaz” mas’ul xodimlari tomonidan ma’ruzalar va prezentatsiyalar qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son Farmoni, 2021-yil 31-maydagi ““Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5132-son Qarorlari mazmuni va mohiyati chuqur tanishtirib o‘tildi.

Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining ta’sirchan tizimini yaratishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi o‘rnini mustahkamlash, uning ahamiyatini yanada oshirish hamda samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bugungi kunda eng ustuvor vazifalardandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6166-son Farmoniga asosan 2021-yil 1-maydan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi belgilanib qo‘yilganligi nazorat tizimining ilg‘or mexanizmini yaratib berdi.

“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy qilingan. Bu bo‘yicha “Markaz” tomonidan alohida chuqurlashtirilgan darslar tashkil etildi. Xususan, “Ijro.gov.uz” nazorat tizimining bugungi kundagi ustuvor tomonlari, elektron hujjat aylanishi tizimi tezligi va sifati, nazoratning vizualligi, qog‘ozbozlikning keskin kamayishi va xodim ish faoliyati unumdorligining oshishida, shuningdek ularning shaxsiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) aniq baholashdagi qulayliklari ochib berildi. Darslar bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Qatnashchilar ish faoliyatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq va asosli javoblar olishdi.

Kurs yakunida http://edu.archive.uz/ havolasi orqali barcha tinglovchilar onlayn test topshirishdi. Test natijalariga ko‘ra, “EMMM” DUK va uning tarkiybiy bo’linmalaridagi mas’ul xodimlar yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishdi.


 

Xorazm viloyati EMMX muhandisi: M.Sayidova


2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili

Savol va javoblar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali