Farg‘ona vodiysi radiohavaskorlari bilan uchrashuv

2022-yil 24-fevral kuni mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan hududiy bo‘linmasida radiohavaskorlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Namangan viloyatining shahar va tumanlaridan, shuningdek qo‘shni Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan jami 30 nafar radiohavaskorlar ishtirok etdilar. Yig‘ilish avvalida, viloyatning barcha radiohavaskorlariga Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 2021-yil 3-martdagi 638-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida radiohavaskorlik radiostansiyalaridan foydalanishning texnik shartlari haqida”gi qarori o‘qib eshittirildi.

Yig‘ilish davomida radiohavaskorlarning 2021-yil mobaynidagi faoliyatlari atroflicha o‘rganib chiqildi va tahlil etildi.

Bundan tashqari, hozirda radiohavaskorlar tomonidan ma’nan eskirgan radiostansiyalar o‘rniga, xorijiy yangi zamonaviy radiostansiyalarni olib kirish hollari tez-tez uchrab turganligi sababli, ularga radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga chetdan olib kirish, sotish va ulardan foydalanish qoidalari va tartiblari to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Qisqa va ultra qisqa to‘lqin diapazonlarida radioaloqa o‘rnatish bo‘yicha Respublika va viloyat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda faol ishtirok etgan radiohavaskorlar faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi va musobaqalarda egallagan o‘rinlari bo‘yicha tegishli darajadagi diplom va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandilar.

Yig‘ilishda radiohavaskorlar faoliyatini yanada rivojlantirish zarurligi hamda qisqa va ultra qisqa diapazonlarda viloyat birinchiligi musobaqasini tashkil etish zarurligi muhokamaga qo‘yildi. Radiohavaskorlarning o‘zaro tajriba almashib borishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida har oyda bir marotaba hududiy bo‘linmaning jamoa radiostansiyasi xonasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib borish taklifi kiritildi. Ushbu taklif radiohavaskorlar tomonidan qo‘llab quvvatlandi.

Ushbu radiohavaskorlik sport turiga yoshlarni qiziqtirish, maktablarda ko‘rgazmali qurollar burchagini tashkil etib o‘quvchilarni jalb etish masalalari muhokama etildi.

Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan hududiy bo‘linmasi va Namangan viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati bilan olib borayotgan hamkorlikdagi chora-tadbirlar natijasida o‘rta va qisqa to‘lqin diapazonlarida radioelektron vositalardan noqonuniy ravishda foydalanishlar soni keskin kamayganini alohida ta’kidlash joiz.

Uchrashuv so‘ngida radiohavaskorlarga havaskorlik radiostansiyalaridan foydalanish uchun rasmiylashtirilgan ruxsatnomalar taqdim etildi.

 

Namangan viloyati EMMX

2-toifali muhandisi E.G‘.Mamatqulov


2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili

Savol va javoblar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali