Koreya Respublikasining yirik kompaniyalarini jalb qilish va BPO yo‘nalishida faoliyatlarini O‘zbekistonda tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi

Bugun, 27-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Toshkent shahridagi Inha Universitetida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kim Xi Sang, Koreya Respublikasining Elektronika va telekommunikatsiyalar ilmiy-tadqiqot instituti (ETRI) vitse-prezidenti Pak Jong Xyon hamda Koreyaning yetakchi IT kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga qilgan tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik, IT ta’limni rivojlantirish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarning ijrosiga qaratilgan. Uchrashuvda Koreya Respublikasining yirik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish va BPO yo‘nalishida faoliyatlarini O‘zbekistonda tashkil etib, ularning faoliyatlarini kengaytirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, raqamlashtirish, sun’iy intellektni rivojlantirish hamda AKT sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish malalariga e’tibor qaratildi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2022-yil 14-aprel kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish kerakligini ta’kidlagandi. Bu hamkorlik aloqalari iqtisodiyotning ilg‘or sohalarida, jumladan, AKT yo‘nalishlarida ham o‘z natijalarini ko‘rasatmoqda. Shundan kelib chiqib, uchrashuvda O‘zbekistonni mintaqaviy IT xabga aylantirishda Koreya kompaniyalarini ham yurtimizga keng jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda Koreya Respublikasi Axborot texnologiyalari va elektron hukumat rivojlanish darajasi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. AKT vaziri Koreya Respublikasi O‘zbekistonning ushbu sohani rivojlantirishda eng muhim sheriklaridan biri ekanligini ta’kidlab, endigi navbatda Koreya Respublikasining yirik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish va BPO yo‘nalishida faoliyatlarini kengaytirishda hamkorlikda ishlashligini alohida ta‘kidlab o‘tdi. Bu borada qilinadigan ishlarda koreyalik hamkorlarning qo‘shadigan hissasini yuksak qadrlashini bildirib o‘tdi.

2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili

Savol va javoblar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali