"EMMM" DUK yangiliklari

TIL – MILLAT KO‘ZGUSI

TIL, MILLAT, DAVLAT... 

Bu uch tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Har bir o‘zini hurmat qilgan inson oʻz ona tilida soʻzlashadi, ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida his qiladi, ona tilida tush koʻradi... Til – milliy gʻurur, milliy iftixordir. Til muloqot vositasigina boʻlib qolmay, u insonning ichki olamini ifodalaydi, dunyoni teran idrok etishiga koʻmaklashadi, dunyoqarashi va kamolotini belgilab beradi. Shuning uchun ham yer yuzida rivojlanaman degan davlat borki, oʻz tilining mavqeini koʻtarishga harakat qiladi. 

 Bizning jonajon xalqimiz bu borada dastlabki qadamlarini o‘z erkini qo‘lga kiritmasdanoq boshlab yuborgan edi... O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni 1989-yil 21-oktabrda ya’ni, sobiq sovetlar tuzimi davrida qabul qilingan. O‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ushbu qonun O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi.

1989-yili “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 

1992-yilda Mustaqillik Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmoniga binoan, 21-oktabr tarixiy sanasi – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. O‘z navbatida, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘RQ-615-sonli Qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatiga bu qadar yuksak e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki, ushbu sana ma’naviy va ma’rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 20-oktabrda imzolangan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF-6084-sonli Farmoni alohida e’tiborga sazovorligini ta’kidlab o‘tish lozim. Mazkur hujjatda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga doir istiqboldagi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Mazkur Farmon O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:

2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;

2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi;

2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi.

Mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. 

Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 80 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

O‘tgan davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan o‘nlab kitob, qo‘llanma va lug‘atlar nashr qilingan. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgan.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uchinchi Uyg‘onish davri poydevorini mustahkamlashga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani har qancha tahsinga loyiq.

Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borlig‘imiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Binobarin, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi.

 

Tayyorladi: Navoiy viloyati EMMX muhandisi S.Ermamatov

Faylni tanlang