"EMMM" DUK yangiliklari

9-may – Xotira va qadrlash kuni

Bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz. Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hurmat bajo keltiramiz.

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirg‘in bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz. Olti yil davom etgan bu qonli urushda o‘sha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.

Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgani va bu qirg‘inda jami 70 million kishi halok bo‘lgani har qanday odamni larzaga soladi. Eng ko‘p qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga to‘g‘ri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etganini ulkan qayg‘u va iztirob bilan eslaymiz.

O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatorida urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirdi. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

Shu borada ba’zi bir eng muhim, ilgari bizga noma’lum bo‘lgan fakt va raqamlarni yana bir bor eslab o‘tish o‘rinli, deb hisoblaymiz.

Ma’lumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi.

Biz bu raqamlarni har yili 9 may – G‘alaba bayramida qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam.

Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yo‘ldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo bo‘lgan millionlab yetim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar o‘tsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir.

O‘zbekiston xalqi ana shunday og‘ir talafotlar ko‘rib, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shdi. Bu haqiqatni 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig‘i uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim.

Insoniyat taqdiri va kelajagi hal bo‘layotgan o‘sha suronli yillarda O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasi bo‘lib xizmat qildi.

“Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – G‘alaba uchun!” degan g‘oya el-yurtimizning hayotiy e’tiqodiga aylandi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.

Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.

El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. “Toshkent – non shahri”, “O‘zbekiston – mehr mamlakati” ekanini amalda yana bir bor isbotladi.

Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor bo‘ldi va bu bilan biz har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.

Sizlarga ma’lumki, keyingi yillarda xalqimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ilgari yopiq bo‘lgan arxiv hujjatlari ochilgani, sobiq Ittifoq respublikalari va chet eldagi arxiv tashkilotlari, muzey va fondlar, olim va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaygani muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixi yangi ma’lumot va dalillar, noyob hujjatlar bilan boyib bormoqda. Mavzuga oid yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va albomlar, ko‘plab kartina va haykallar yaratilmoqda.

Qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz.

Xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat tilaymiz.

Xalqimiz va butun insoniyat uchun buyuk G‘alaba keltirgan barcha jasur jangchilarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Tinchlik va ozodlik yo‘lida o‘z aziz jonlarini fido etgan qahramonlar xotirasi hamisha barhayot bo‘lsin!

Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi N.M.Obidova

Faylni tanlang