"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tili – bu millatning ruhidir

Bugun millat bilan yaralib, shonli tariximizning barcha sokin va suronli davrlarini millat bilan hamnafas bosib o‘tib, millat dardu quvonchiga sherik bo‘lib kelayotgan O‘zbek tilining nufuzi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan 4-oktabr 2019-yildagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4479-sonli Qarori bilan yana bir karra yuksaldi.

Ushbu qarorda “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat” ekani alohida ta’kidlangan.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi.

Muhtaram yurtboshimiz 2019-yil 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeyini yanada oshirish, “Davlat tili haqida”gi Qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish, davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish kabi bir qator vazifalar Davlat tilini rivojlantirish departamentining vazifalari qilib belgilandi.

Xulosa shuki, yurtimizdagi har bir idora-tashkilot rahbari Davlat tiliga e’tiborni muqaddas mustaqilligimizga bo‘lgan e’tibor ekanligini yurakdan chuqur anglashi hamda samarali amaliy ishlari bilan o‘z hissasini qo‘shmog‘i-muhtaram Prezidentimiz tomonidan Davlat tilimizning nufuzini oshirish borasida qabul qilayotgan qonun-hujjatlarining  amaliy  ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Tayyorladi: Namangan viloyati
EMMX 2-toifali muhandisi
X.U.
Qosimova

Faylni tanlang