"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tili– o‘zligimiz timsoli

Til — millatning koʻzgusi boʻlib, unda tarix - oʻtmish va kelajak jonlanadi. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari bilan uzviy bogʻliq. Oʻzbek tilining jozibasi momolarimiz allasi, maqomlarimiz, ertak va afsonalarimiz, romanu dostonlarimizning sehrli satrlarida, jiloli ohanglarida aks etgan. Tarixga nazar solsak, buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga yuz tutgan, nodir maʼnaviy meros, qadriyatlarimizga asos solganligiga guvoh boʻlamiz.

Jasur va matonatli xalqimiz har qanday zulm va zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini — milliy gʻururini saqlab qoldi. Qanchalik ogʻir boʻlmasin uni rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.

Oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanmoqda, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Dunyoga nazar solsak, oʻzbek tili rivojlangan bir necha davlatlarining 60 ga yaqin universitetlarida va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilib kelinayotgani quvonarli holdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi 5850-PF-son Farmoniga binoan “Davlat tili haqida” gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilanishi xalqimizning milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilini yanada takomillashtirish va davlat miqiyosida joriy qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmoni bilan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarori ijrolari o‘laroq mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilining davlat miqiyosidagi mavqeyi va nufuzini oshirish, jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Har birimiz, millatidan qat’i nazar, o‘zbek tilini o‘rganish–o‘zi yashayotgan xalqqa hurmat ekanligini tobora chuqur anglay boshladik. Zero, til odamlarni yaqinlashtiradi, yangi olamni ochadi, shuning uchun u millatlararo munosabatlarning uyg‘un rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.

Xorazm viloyati EMMX muhandisi M.Sayidova

Faylni tanlang