"EMMM" DUK yangiliklari

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

“Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir”.

Tarixan korrupsiya maqsadga erishish yo‘lida sovg‘alar berishdan kelib chiqqan. Qimmatbaho sovg‘a odamni boshqa arizachilardan ajratib turgan va uning ishi tezda ko‘rib chiqilishida yordam bergan. Vaqt o‘tishi bilan davlat idoralari murakkablashdi, markaziy hokimiyatning kuchi oshdi, hukmdorlarning rejasiga ko‘ra o‘z ishi uchun faqat qat’iy maosh olishi kerak bo‘lgan professional amaldorlar paydo bo‘ldi. Amalda esa mansabdor shaxslar o‘z mansab mavqeidan foydalanib, daromadlarini ko‘paytirishga harakat qilishdi.

Korrupsiya har qanday davlat uchun jiddiy tahdiddir. Bu jamiyatga katta zarar yetkazadi, davlat va mahalliy hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini pasaytiradi va ularga bo‘lgan ishonchga putur yetkazib mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini susaytiradi. Korrupsiya demokratik institutlar va qadriyatlarni, adolat va jamiyat burchi tushunchalarini yo‘q qiladi, bu esa davlatning barqaror rivojlanishi va qonun ustuvorligiga zarar yetkazadi. Korrupsiya fuqarolarning huquqiy ongiga ta’sir qiladi, ularda mansabdor shaxslarga pora berish orqali o‘z ehtiyojlarini qondirish imkoniyati haqida tasavvur hosil qiladi.

Korrupsiya ko‘p sabablar tufayli yuzaga keladi. Bularga qonunchilikning nomukammalligi, tushunish qiyin bo‘lgan ko‘p sonli qonunosti hujjatlari, fuqarolarning huquqiy madaniyatining pastligi, ularning ijtimoiy passivligi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga ishonchsizlik, shuningdek qonunlarga rioya qilish motivatsiyasining yo‘qligi kiradi.

Korrupsiya – bu tizim bo‘lib, agar shaxs moddiy yoki nomoddiy manfaatlar olish maqsadida pora bersa yoki olsa, o‘zining yoki birovning mansab mavqeidan noqonuniy foydalanishda ishtirok etsa, u korrupsiyalashgan tizimning bir qismiga aylanadi va buning uchun javobgar bo‘ladi.

Korrupsiya bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan jinoyatdir!

Mamlakatimizda bunday jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida aniq maqsadli siyosat olib borilmoqda. Qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, aholining axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari davlat rahbariyatining diqqat markazida. Shu bilan birga shuni ham unutmasligimiz kerakki, korrupsiyaga qarshi kurash fuqarolarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj va bunda mamlakatning butun aholisi ishtirok etgan taqdirdagina muvaffaqiyatga erishish mumkin.

2022-yil iyul oyida Navoiy viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlariga Navoiy viloyati IIB JQB katta tezkor xodimi O.A.Quljanov tomonidan “Korrupsiya nima? Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar aytib otildi. 2017-yil 3-yanvardan kuchga kirgan ORQ-419-sonli “Ozbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish togrisida”gi Qonuni, Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, PQ-4761-sonli “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyati hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining funksional vazifalari va faoliyati to‘g‘risida xodimlarga batafsil ma’lumot berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maхsus vakolatli organ boʻlib, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas’ul organ hisoblanadi. Agentlik Prezidentga boʻysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdordir.

Davra suhbati davomida korrupsiyaning davlat va jamiyat rivojida naqadar katta to‘siq ekanligi va uni bartaraf etish uchun yurtimizda olib borilayotgan harakatlar haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar aytib o‘tildi. O.A.Quljanov korrupsiyaga qarshi kurashga har birimiz hissa qo‘shishimiz mumkinligini ta’kidladi. Buning uchun qonunga amal qilgan holda yashash va mehnat qilish kerak. Buning uchun, barcha fuqarolar o‘z huquqlarini aniq bilishlari, ularni himoya qila olishlari, hamda shaxsiy, jamoat va kasbiy hayotda korrupsion usullardan foydalanishning oldini olishlari shart.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Tayyorlandi: Navoiy viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.A.Omonov

Faylni tanlang