Soha yangiliklari

Ochiq dasturiy mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya forumi

14-15 avgust kunlari Toshkent shahrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Koreya IT-sanoatini rivojlantirish milliy agentligi (NIPA) hamkorligida “Ochiq dasturiy mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya forumi” tashkil etildi. Anjumanda agentlik vitse-prezidenti Kim Te Yul ham ishtirok etdi. 

Ikkinchi yil tashkil etilgan Forum Koreya Respublikasining “elektron hukumat” tizimida, jamiyatni axborotlashtirishda erkin va ochiq dasturiy ta’minot mahsulotlaridan foydalanish bo‘yicha tajribasini o‘rganish hamda mahalliy dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirishga ko‘mak berish maqsadida o‘tkazildi.

Anjumanni tashkil etishda Koreya Axborotlashgan jamiyat bo‘yicha Milliy agentligi (NIA), Koreyaning hududlarda axborotlashtirishni tadqiq va rivojlantirish instituti ham yaqindan hamkorlik qilishdi. Forum davomida koreyalik ekspertlar, professor-o‘qituvchilar, dasturiy ta’minot yaratuvchi nufuzli kompaniya rahbarlari erkin va ochiq dasturiy ta’minot yaratishga oid milliy tajribaga oid taqdimotlar bilan qatnashdilar.

Jumladan, bugun dasturiy ta’minot sanoatining muhim rivojlanish yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “salmoqli ma’lumot” tizimlarida ochiq kodli dasturiy ta’minot vositalaridan foydalanish, Koreyaning ochiq kodli dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqarishdagi tajribasi, Koreyada o‘z-o‘zini boshqarish hamda “elektron hukumat” tizimida ochiq dasturlardan foydalanish kabi ma’ruzalar bu yo‘nalishda istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda muhim tajriba bo‘ldi. 

Ayniqsa, Koreyaning nufuzli Bridgesoft, INC kompaniyasi bosh direktori Kim Nam Gyuning aholi murojaatlari va shikoyatlarini qayta ishlash jarayoniga “salmoqli ma’lumot” tizimlarini joriy qilish mavzusidagi taqdimoti ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. 

Forumda so‘z olganlar O‘zbekistonda AKTni rivojlantirishga yuqori e’tibor qaratilayotgani, mamlakat rahbariyati istiqbolda barqaror milliy iqtisodiyotga jamiyat hayotining turli jabhalari va iqtisodiyot sohalariga raqamli texnologiyalarni joriy etmasdan turib erishib bo‘lmasligini belgilab berganini qayd etishdi. Jumladan, anjumanda 2017 yilning 30 iyunida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlakat dasturiy ta’minot sanoatida yangi davrni boshlab bergani qayd etildi. 

Farmonga ko‘ra, AKT dan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berish hisobiga ushbu tarmoqda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish, AKT mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish choralari ishlab chiqilmoqda. 

O‘zbekiston tomonidan forum ishida vazirlik va idoralar, akademik va biznes doiralar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdilar. Tadbir davomida forum ishtirokchilari ochiq kodli dasturlarni jamiyat rivojida qo‘llash va bu bo‘yicha xalqaro tajriba, tendensiyani muhokama qildilar.

Shuningdek, ishtirokchilar avtomatlashgan, “aqlli” tizimlarda erkin va ochiq kodli programmalarning tatbiq etilishi, bu borada koreyalik kompaniyalar tajribasi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar. Koreya vakillari O‘zbekistonda davlat organlarining o‘zaro hamkorlik tizimini tashkil etishda erkin dasturiy ta’minot mahsulotlarni joriy etishning samarasiga bag‘ishlangan amaliy yechim va takliflar bilan chiqish qildilar. 

EODT – dasturiy ta’minot turi bo‘lib, undan foydalanish uchun uni erkin ko‘chirib olish va zarur holatda uning kodiga o‘zgartirishlar kiritib, takomillashtirgan holda, turli axborot tizimlarida joriy qilish mumkin.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang