"EMMM" DUK yangiliklari

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim”

Navoiy viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Sh.B.Toshmurodov hamda Navoiy viloyati EMMX xodimlari ishtirok etdi.

 Ma’ruzalarda qayd etilganidek, ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarining namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’minlaydi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Hattoki, go‘dak ham o‘z Vatanini, ota-onasini, dunyoni o‘z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar.

Biz o‘z ona-tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. “Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi. O‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy bejiz aytmagan “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”

Oxirgi yillarda yurtimizda davlat tiliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari yurtimizda davlat tilini to‘laqonli joriy qilishda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son Qarori asosida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Davra suhbati yakunida davlat tili targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.


 

Navoiy viloyati EMMX 2-toifali muhandisi

Jumayev M.N


 

 

Faylni tanlang