"EMMM" DUK yangiliklari

Qishloq joylarda mobil telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish – ustuvor vazifa.

Respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi “raqamli tafovut”ni bartaraf etish hamda taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatimizda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ma’lumki, qishloq joylarda mobil telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish sohamizning eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mobil aloqa operatorlari tomonidan bosqichma-bosqich olis qishloq joylarda mobil aloqa tayanch stansiyalari qurilib ishga tushirilmoqda. Buning natijasida qishloq joylarda mobil aloqa va mobil internet qamrovlari kengayib, aholiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Biroq, ushbu yonalishda ayrim o‘z yechimini kutayotgan muammolar saqlanib qolmoqda, ya’ni mobil aloqa va mobil internet qamrovi mavjud bo‘lmagan olis hududlarda joylashgan kam sonli aholi punktlarimiz hali ham bor. Mobil aloqa operatorlari olis qishloq joylarda yangi mobil aloqa tayanch stansiyalarini qurishga shoshmasliklarining eng katta sababi bu - aholi soni nisbatan kam bo‘lgan hududlarda yangi o‘rnatiladigan mobil aloqa tayanch stansiyalarini qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning uzoq muddatlarda qoplanishi hisoblanadi.

Shu sababli davlatimiz - bosh islohotchi sifatida shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi “raqamli tafovut”ni bartaraf etish maqsadida bir qator rag‘batlantiruvchi iqtisodiy dastaklarni ishga solish yoli bilan mobil aloqa operatorlari tomonidan olis qishloq joylarda yangi mobil aloqa tayanch stansiyalarini jadallik bilan qurish va ishga tushirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 noyabrdagi 699-sonli “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Turizm va sport vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ simli, mobil va simsiz telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirishda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga temir yo‘l va magistral avtomobil yo‘llari, turistik ob’yektlar infratuzilmalaridan, xususan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tayanchlaridan texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda, birgalikda tekin foydalanishga ruxsat berishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Endilikda, belgilangan tartibda, mobil aloqa operatorlari tomonidan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tayanchlaridan texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, tekin foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Demak, ayrim holatlarda mobil aloqa tayanch stansiyasi uskunalari va antennalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan yangi antenna-machta inshootlarini qurishga ehtiyoj qolmaydi. Buning natijasida qishloq joylarda yangi mobil aloqa tayanch stansiyalarining ishga tushirish bilan bog‘liq vaqt va katta moliyaviy harajatlar keskin qisqarishiga olib keladi. Yuqoridagi qaror ijrosini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor berish kerak deb hisoblayman:

  1. Joylarda manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzib mobil aloqa va mobil internet qamrovi mavjud bo‘lmagan olis hududlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJlarga qarashli bo‘lgan barcha yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tayanchlarining texnik imkoniyatlarini o‘rganib chiqish zarur;

  2. Ishchi guruh tomonidan mobil aloqa tayanch stansiyalarining uskunalari va antennalarini o‘rnatish uchun mos keladigan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tayanchlarining ro‘yxati shakillantirilishi lozim;

  3. Mobil aloqa tayanch stansiyalarining barqaror ishlashiga yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan (EUL) tarqalishi mumkin bo‘lgan elektromagnit maydonning salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida EULdan sanoat radioxalaqitlarning darajasini o‘lchash bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish kerak bo‘ladi;

  4. EUL tayanchlari bevosita aholi punktlarida joylashishi mumkinligini inobatga olib tayanchlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidan mobil aloqa tayanch stansiyalarini o‘rnatish mumkinligi bo‘yicha zarur xulosalarni olish maqsadga muvofiq bo‘ladi;

  5. O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va boshqa nazorat qiluvchi organlardan zarur xulosalar olinganidan so‘ng mobil aloqa operatorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi 801-sonli “Radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mobil aloqa tayanch stansiyalarini qurish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirishi talab etiladi.

 

Sirdaryo viloyati EMMX

1-toifali muhandisi: J.S. Raimdjanov

Faylni tanlang