"EMMM" DUK yangiliklari

Sirdaryo viloyati EMMXda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotini o‘rganish bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2022-yil 31-avgustdagi 2-son, Adliya vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 5-son qarorlari bilan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti” tasdiqlandi.

Ushbu uslubiyotning mazmun-mohiyatini o‘rganish maqsadida 2022-yil 5-sentabr kuni Sirdaryo viloyati EMMXda davra suhbati tashkil etildi.

 

Tashkil etilgan ushbu tadbirda endilikda davlat tashkilotlari faoliyatidagi (vazifa va funksiyalaridagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlarning “past”, “o‘rta” va “yuqori” darajada baholanishi tog‘risida ma’ruzachi tomonidan ma’lumot berildi.

Uslubiyotda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasini bartaraf etish choralariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unga ko‘ra korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan:

  • normativ-huquqiy hujjatlar hamda ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

  • inson omilini qisqartirish va davlat tashkiloti faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish;

  • davlat tashkiloti faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) tartibga solish choralarini ko‘rish;

  • davlat tashkiloti xodimlari va jismoniy shaxslar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani maksimal darajada cheklash;

  • rasmiy veb-sayt va boshqa ommaviy axborot vositalarida davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan davlat haridlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish va tarqatish;

  • davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini soddalashtirish, asossiz cheklovlarni, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bekor qilish, byurokratik tartibga solish mexanizmlarini yo‘q qilish, taqdim etilgan hujjatlar soni va qaror qabul qilish muddatlarini qisqartirish;

  • davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirish, profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ishonch telefonlari va aloqa kanallarida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;

  • xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha ichki hujjatlarga har kuni, o‘zaro va to‘liq rioya qilishlarini nazorat qilish.

Shu bilan birga, davlat tashkiloti korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlarni ham amalga oshirishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Davra suhbatining barcha ishtirokchilari tomonidan yangi uslubiyotning har bir bandi qizg‘in muhokama qilindi va mavzu doirasida hayotiy misollar keltirildi.

 

 

Shuni ta’kidlash joizki, uslubiyotning majburiy talablari o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilishi lozim, chunki mazkur uslubiyot buzilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

 

Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali

muhandisi J.S.Raimdjanov

Faylni tanlang