"EMMM" DUK yangiliklari

Zahiriddin Muhammad Bobur

Zahiriddin Muhammad Bobur - buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, tarixshunos, davlat arbobi, boburiylar sulolasi va saltanati asoschisi. Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda tavallud topgan, Farg‘ona hukmdorining o‘g‘li, Amir Temurning evarasi. Bobur 1494 yil Farg‘ona hokimi bo‘lgan, 1526 yil Hindistonda markazlashgan boburiylar davlatiga (jahon tarixiga “buyuk mo‘g‘ullar saltanati” bo‘lib kirgan) asos solib, Hindiston inglizlar tomonidan bosib olinishiga qadar (1848) mavjud bo‘lgan. Agra shahrida 1530 yil 26 dekabr kuni vafot etgan.

Boburning she’riy merosi ko‘p qirrali va boy. Lirik asarlari (1519) “Qobul devoni”ga, so‘ngra (1529-1530) “Hind devoni”ga jamlangan. Uning she’rlarida o‘z davrining tarixiy hodisalari, shoirning shaxsiy hayoti, atrof-muhit, insonga bo‘lgan munosabat, din, davr an’analari va axloqlari voqe’lik ila aks etgan. Boburning she’rlari - shoirning tarjimai xoli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U orqali ijodkor shoirona til orqali teran tuyg‘ularni bayon qiladi, hayotiy hodisalar to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘lgan tashvishlarni mohirona so‘zlaydi.

Bobur she’riyatining asosini ishqiy-lirik she’rlar tashkil etadi. Ijodining asosiy qirralaridan biri, chinakam insoniy, dunyoviy va haqiqiy sevgini kuylaganligidir. Shoir lirikasi Alisher Navoiy she’riyatidan ilhomlanish bilan to‘yingan. O‘zining g‘azal va ruboiylarida u sevgi, do‘stlik va go‘zallikka intilish kabi insoniy jihatlarga e’tibor qaratgan.

Mazkur mavzuga yuzlanar ekan, insonning hayotdagi eng asosiy vazifasini shoir yaxshilik, bag‘rikenglik va haqiqatda ko‘radi. Do‘stlik - insonning eng asosiy jihati va dushman bilan kurashda ulkan kuch deb hisoblaydi.

Bobur asarlaridagi adabiy til haqida so‘z borar ekan, undagi soddalik, hammaboplik, ravon va qisqaligini aytish lozim. Shoir balandparvoz gaplarni va mukammal iboralarni yoqtirmagan. Boburning sodda tili o‘quvchiga asarlarini, boy ifodalari va kechinmalarini aniq o‘zlashtirishda yordam beradi.

Boburning she’riy mahorati badiiy-adabiy uslub va ona tilining eng ta’sirchan vositalaridan mahorat ila foydalanish hamda xalq ijodiyoti manbalarining ijodiy tiklanishida ifodalanadi.

Joriy yilning 14 fevral kuni Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi keng nishonlanadi. Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK va uning hududiy bo‘linmalarida Boburning hayot yo‘li va ijodini o‘rganish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Biz buyuk o‘zbek shoiri va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning asarlarini o‘rganishimiz va yosh avlodga uning vatanparvarlik ruhini har doim o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz kerak.

 

 

 

“EMMM” DUKning “Ma’naviyat va ma’rifat”

ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi D.A.To‘ychieva

“Televidenie va radioeshittirish” bo‘limi muhandisi

Q.K. Sayfiddinov

Faylni tanlang