Soha yangiliklari

22 nafar davlat xizmatchisi axborot texnologiyalari bo‘yicha Koreyada ta’lim olib qaytadi

 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz davlat idoralarida xizmat qilayotgan 22 nafar mutaxassis "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish" mavzusidagi ixtisoslashgan o‘quv-kursida tahsil olish uchun Janubiy Koreyaga jo‘nab ketmoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida axborot texnologiyalarining o‘rni oshib, AKT rivojlanishning muhim omiliga aylandi. Bugun har bir sohada innovatsion yechimlarni joriy qilish, aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatish zamon talabiga aylandi. O‘z navbatida, bu vazifalarni amalga oshirish mutaxassislardan tajriba va zamonaviy bilimni talab qiladi.

29 iyuldan boshlab, sal kam bir oy davom etadigan o‘quvlarda axborot texnologiyalari bilan birga, moliya, soliq, adliya sohalarida, shuningdek «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etadilar.

Koreya Respublikasining Milliy axborot jamiyati (NIA) hamda Koreya xalqaro kooperatsiya (KOICA) agentliklari ko‘magida tashkil qilinayotgan o‘quvlarda Koreyaning yetakchi mutaxassislari ishtirokchilarga jamiyatni axborotlashtirish, "elektron hukumat" tizimini shakllantirish va uning me’yoriy-huquqiy asosini yaratish, ijtimoiy va interaktiv xizmatlarni joriy qilishda AKT hamda yangicha innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, "aqlli shahar" platformasini ishlab chiqish, elektron sud tizimining o‘ziga xosliklari kabi mavzularda ma’ruza qiladilar.

Shuningdek, ishtirokchilar Koreya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Seul transport boshqaruvi va axborot tizimi muassasasiga, BigData markazlariga, axborotlashgan maxsus hududlarga tashrif buyuradilar. Aytish o‘rinliki, Koreya Respublikasi axborotlashgan jamiyat qurishda jahonning yetakchi mamlakatlari safida turadi. Shuningdek, Janubiy Koreya axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkori hisoblanadi.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang