Bu sana zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida fidokorona xizmat qilayotgan minglab soha vakillarining mehnatini e’tirof etish, ularning kasbiy bayramini munosib nishonlash uchun muhim voqelikdir. Aloqa sohasida faoliyat yuritayotgan minglab mutaxassislarning, texnologiyalar orqali insonlarni, yuraklarni va dunyolarni bog‘layotgan fidoyilarning kasb bayrami hisoblanadi.
So‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va ma’muriy islohotlarning ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, elektron hukumat tizimining kengayishi, IT-parklar va startaplar rivoji, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni hayotga joriy etish — bularning barchasi AKT sohasida olib borilayotgan chuqur islohotlar natijasidir.
Bugun AKT sohasi nafaqat texnik infratuzilmaning rivojlanishiga, balki ochiq va samarali boshqaruv, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bank-moliya va boshqa ko‘plab sohalarda xizmatlar sifatining oshishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida IT mutaxassislarning o‘rni beqiyos.
Ushbu kasb egalari — dasturchilar, muhandislar, tizim administratorlari, tahlilchilar, raqamli xizmatlar ishlab chiquvchilari va boshqa mutaxassislar Yangi O‘zbekistonning raqamli qiyofasini yaratmoqda. Ularning fidokorona mehnati tufayli davlat va jamiyat o‘rtasidagi masofalar qisqarmoqda, aholining kundalik hayoti qulay va zamonaviy tus olmoqda.
Hurmatli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi vakillari!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan samimiy muborakbod etamiz! Sizga sihat-salomatlik, oilaviy tinchlik, ilm-fan va texnologiya olamida yangidan-yangi zafarlar tilaymiz. Ishlaringizda doim yuksak natijalar, yangiliklarga boy g‘oyalar va ulkan muvaffaqiyatlar hamrohingiz bo‘lsin!
Bayramingiz muborak!
Aloqalar orqali yuraklar yaqinlashadi, orzular amalga oshadi!