"EMMM" DUK yangiliklari

AKT vazirligi tashabbusi bilan Samarqand viloyati Turizm markazida 5G internet tarmog‘i sinov tariqasida ishga tushirildi

Prezidentimizning “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha bugungi kunda aloqa sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati Samarqand Turizm markazida ham uyali aloqa tarmog‘ining 5-avlodi (5G) test sinov tariqasida ishga tushirildi.

Samarqand Turizm markazida bu tarmoqning test qilinish jarayonining boshlanishi aholini sifatli va tezkor internet tarmog‘i bilan ta’minlashga qaratilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘ldi. Mazkur loyiha nafaqat aholini, balki butun dunyodan tashrif buyuradigan sayyohlarni ham jahon standartlariga to‘la javob bera oladigan sifatli internet bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu esa yurtimizga keladigan sayyohlar sonini oshirishda, ularning tezkor internetga bo‘lgan ehtiyoj va talablarini to‘laqonli qondirishda muhim rol o‘ynaydi.

Uyali aloqa tarmog‘ining 5-avlodi foydalanuvchiga internet olamida cheksiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, ma’lumotlarni ancha tezroq uzatish imkoniyatining mavjudligi, uzatilayotgan axborotlarning kechikish darajasi ham nihoyatda pastligi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari bilan o‘zidan avvalgi barcha tarmoq xizmat ko‘rsatuvchilarini ortda qoldiradi.

5G internet tarmog‘ini nafaqat Turizm markazlarida, balki yaqin kelajakda boshqa soha tarmoqlarida, shuningdek, yurtimizning olis va chekka hududlarida ham keng joriy etish va buni jadallik bilan amalga oshirish rejalashtirilgan hamda bu bo‘yicha zaruriy vazifalar belgilab olingan. Joriy yilning 24-27-oktabr kunlari Samarqand Turizm markazida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi AKT haftaligi ham bu borada qilinayotgan keng ko‘lamli ishlardan va ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida yirik qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.D.Kodirov

Faylni tanlang