9-aprel — Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur oyligi” doirasida “O‘zini anglab, o‘tmishdan kuch olib, kelajak sari dadil qadam” g‘oyasi ostida Elektromagnit moslashuv markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda markaziy apparat hamda hududiy tuzilmalar xodimlari faol ishtirok etdilar. Tadbirda markaz direktorining o‘rinbosari A.X. Xashimxodjayev ma’ruza qilib, unda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning boy tarixiy merosi, uning davlat boshqaruvidagi yuksak tajribasi, adolat va tartib-intizomga asoslangan siyosati haqida so‘z yuritdi.

Sohibqiron tomonidan yaratilgan mustahkam davlat tizimi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, bugungi kunda yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, xodimlarga Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab tayyorlangan tarqatma materiallar — bukletlar tarqatilib, keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Bu orqali ishtirokchilarning tarixiy bilimlarini yanada boyitish va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.





