2025-yilning III-choragida Andijon viloyatida radioelektron vositalar (REV) va yuqori chastotali qurilmalardan (YuChQ) foydalanish sohasida qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida keng ko‘lamli tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar “REV va YuChQlarni Andijon viloyatida sotib olish, sotish yoki o‘rnatish, olib kirish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni tashkil etish hamda radioxalaqitlarni bartaraf etishda vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan 2025-yilda olib boriladigan chora-tadbirlar rejasi” asosida amalga oshirildi.


Tadbirlar O‘zkomnazorat inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy sho‘basi, Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi uchastka nozirlari va Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari hamkorligida tashkil etildi.

III-chorak davomida jami 32 ta tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Natijada 74 ta noqonuniy tarzda ishlatilayotgan radioelektron vosita aniqlanib, tegishli bayonnomalar rasmiylashtirildi. Mazkur holatlar yuzasidan zarur hujjatlar tayyorlanib, qonuniy choralar ko‘rilishi uchun O‘zkomnazorat inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy sho‘basiga taqdim etildi.

Ushbu tadbirlardan asosiy maqsad — elektromagnit moslashuvchanlikni yaxshilash, radioaloqa tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlashdan iboratdir.
Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlar kelgusida ham muntazam davom ettirilib, viloyat miqyosida elektromagnit moslashuvni ta’minlash va texnik intizomni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX tarmoq muhandisi U.B. Shodmonov.