Soha yangiliklari

“O\'zbektelekom” AK xavfsiz va foydali kontentga ega «ZiyoNET» tarif rejalarini taqdim qildi

30 mart kuni Toshkent shahrida yoshlarning va o'sib kelayotgan avlodning intellektual salohiyatini oshirishga yo'naltirilgan ta'limiy va ko'ngilochar resurslardan foydalanish mumkin bo'lgan maxsus «ZiyoNET» tarif rejalarining joriy qilinishiga bag'ishlab matbuot anjumani o'tkazildi. Matbuot anjumani O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O'zbektelekom” AK, Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi hamda UZINFOCOM Markazi tomonidan tashkil etildi.


Qayd etilganidek, zamonaviy internet texnologiyalari bir qator foydali jihatlar bilan birga, yoshlar o'rtasida yot g'oyalarni targ'ib qilish, millatlar o'rtasidagi kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish, zo'ravonlik, ekstremizm va boshqa salbiy ta'sirlarni ommalashtirish vositasi sifatida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy ta'sir o'tkazmoqda. Ota-onalar farzandlarini bu kabi ta'sirlardan himoya qilish uchun ularning Internetdan foydalanishlarini cheklab qo'yishni ma'qul ko'rishadi. Natijada, bola Internet tarmog'ining foydali jihatlari, ya'ni bilimlarini boyitish, o'zini qiziqtirgan mavzularda tajriba almashish va ma'lumotlar olish, bu yo'nalishdagi jahon hamda mahalliy miqyosidagi so'nggi yangiliklar bilan tanishish, shuningdek o'zidagi iqtidorini namoyish etishga xizmat qiladigan ta'limiy resurslar, elektron kutubxonalardan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum bo'ladi.
O'z navbatida, Internetning foydali va salbiy ta'sirga ega jihatlarini yaxshi bilgan ota-onalar odatda “ota-ona nazorati”, salbiy ta'sirga ega resurslarning “qora ro'yxati” kabi maxsus tizimlarni joriy qilgan holda, farzandlariga Internet tarmog'idan foydalanishga ruxsat beradilar. Ammo bu uslub doim ham o'zini oqlamaydi: birinchidan, bir kunda Internet tarmog'ida bir necha mingtagacha salbiy ta'sirli saytlar tashkil qilinadi va ota-ona bularning hammasini cheklangan saytlar ro'yxatiga kiritishga ulgurmaydi; ikkinchidan, bugungi bolalar texnologiya nuqtai nazaridan, elektron qurilmalar bilan ota-onalariga qaraganda yaxshi “tillasha” olishadi va o'rnatilgan cheklovlarni chetlab o'tishlari mumkin.
Ulg'ayib kelayotgan yosh avlodga Internet tarmog'ida qulay, xavfsiz muhit yaratish, ta'lim va bilim beruvchi resurslardan yagona nuqtadan foydalanishlarini tashkil qilish orqali sog'liklari va rivojlanishlariga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi axborot hamda kiber-xurujlardan himoya qilish maqsadida, “O'zbektelekom” AK tomonidan maxsus tarif rejalari turkumi va qo'shimcha xizmatlar joriy qilinmoqda. Xalqaro tajriba asosida tatbiq qilinayotgan tizim xavfdan xoli foydali Internet resurslaridan ommaviy foydalanish imkoniyatini beradi.
Mazkur xizmat va tariflarni ishlab chiqishda 2006 yildan boshlab ta'lim muassasalari, axborot-kutubxona markazlari, ilmiy, madaniy-ma'rifiy markazlar, ya'ni yuridik muassasalar imtiyozli ravishda ulanib kelgan «ZiyoNET» tarif rejasi asos qilib olingan. Matbuot anjumanida “O'zbektelekom” AK vakillari endi «ZiyoNET»ning maxsus tarif rejalariga jismoniy shaxslar ham ulanishlari mumkinligini ma'lum qilishdi. Mazkur tarif rejalari doirasida foydalanuvchi «ZiyoNET» tarmog'idagi Yagona axborot resurslari ro'yxatiga kirgan saytlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi. Mazkur ro'yxatdan ilmiy-ta'limiy, ma'naviy-ma'rifiy va bolaning etuk va sog'lom bo'lib voyaga etishiga xizmat qiladigan boshqa milliy va xalqaro Internet sahifalari o'rin olgan.

Ushbu tarif rejalarini ishlab chiqishda uning nafaqat yoshlar uchun foydali, shuningdek ko'rsatiladigan xizmatlarning hammabop – qulay narxda bo'lishiga ham alohida urg'u qaratilgan. «ZiyoNET» tarif rejasida Yagona axborot resurslari ro'yxatiga kiritilgan xalqaro va TAS-IX, ya'ni Milliy UZ domenida faoliyat ko'rsatuvchi saytlardan foydalanish mumkin bo'ladi. «ZiyoNET» tarmog'ida TAS-IX hududidagi saytlardan foydalanish trafigi chegaralanmagan (bunday saytlardan foydalanganda hisobdan megabayt sarf qilinmaydi).
Matbuot anjumanida Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi yoshlar o'rtasida Internetdan foydalanish madaniyatini targ'ib qilish bo'yicha olib borayotgan faoliyatiga to'xtalib o'tdi. Xususan, Markaz mutaxassislari tomonidan butunjahon Internet tarmog'ining yosh avlod tarbiyasiga salbiy jihatlari muntazam tadqiq qilinib, ota-onalarga voyaga etmagan farzandlarining yoshidan kelib chiqib, Internet tarmog'ida ularni himoya qilish, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tahdid va xavflarning oldini olish bo'yicha tavsiyalar berib boriladi.
UZINFOCOM Markazi Internetda yoshlarbop saytlarni, elektron resurslarni ko'paytirish bo'yicha loyihalari to'g'risida ma'lumot berdi. Shuningdek, «ZiyoNET» tarif rejasi doirasida ishlab chiqilgan Yagona axborot resurslari ro'yxatining shakllantirilish jarayoni haqida ham ma'lumot berildi. Ma'lum qilinishicha, ayni paytda Yagona axborot resurslari reestriga ta'lim, madaniyat, sport, biznes, tibbiyot yo'nalishlaridagi 3 mingdan ziyod milliy va xalqaro saytlar kiritilgan. Qolaversa, “Eng kichik yoshli foydalanuvchilar uchun” ham maxsus saytlar ro'yxati mavjud. Ushbu ro'yxat muntazam tahlil hamda foydalanuvchilar takliflariga ko'ra, boyitib boriladi.

UZINFOCOM Markazi foydalanuvchilarni yoshlar uchun foydali va qiziqarli sayt nomlarini ushbu ro'yxatga qo'shish bo'yicha taklif berish, shuningdek yoshlarbop resurslar ishlab chiqishga hissa qo'shishga chaqiradilar. Yoshlarbop sayt yaratish istagida bo'lganlarga «ZiyoNET» portali loyihasi doirasida Markaz bepul amaliy va texnik ko'mak beriladi. «ZiyoNET» tarif rejalari turkumining joriy qilinishi 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijasidir.

Faylni tanlang