Bugungi kunda telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish, radiochastota spektridan samarali foydalanish hamda aholini barqaror mobil aloqa bilan ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, davlat chegaralariga tutash hududlarda radioelektron vositalarning elektromagnit moslashuvini ta’minlash, radioxalaqitlarning oldini olish va aloqa tarmoqlarining barqaror ishlashini nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Jizzax viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan chegaraoldi hududlarda mobil aloqa tarmoqlarining qamrovi va signal sifatini aniqlash, radioelektron vositalarning texnik parametrlarini o‘rganish hamda elektromagnit muhitni baholash bo‘yicha o‘lchov ishlari amalga oshirilmoqda.

Jarayonda zamonaviy radiomonitoring va o‘lchov vositalaridan foydalangan holda radio signallarining maydon kuchlanganligi, aloqa qamrovi hamda texnik ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, olingan natijalar asosida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilanmoqda. Mazkur o‘lchov ishlari radiochastotalardan oqilona foydalanish, turli operatorlar tarmoqlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zaro radioxalaqitlarni kamaytirish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda aloqa tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash va aholiga ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Tayyorladi: Jizzax viloyati EMM xizmati muhandisi I.I.A’zamov