"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tili – davlatning kuch-qudrati timsoli!

Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimizda, ya’ni bizning Davlat tilimizda so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi, uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni bundan 36 yil oldin, 1989-yil 21-oktabrda – Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan taxminan ikki yil oldin qabul qilingan. 

Sobiq sho‘rolar tizimining so‘nggi davrida o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqib keldi. Ayni vaqtda ushbu harakatlar mamlakatimizning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadamlardan biri edi.

Shuni ham qayd etish kerakki, 1989-yili “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992-yilda Mustaqillik Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga binoan, 21-oktyabr tarixiy sanasi – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. O‘z navbatida, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatiga bu qadar yuksak e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu sana ma’naviy va ma’rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Bu haqda so‘z borganda, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrda imzolangan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

    • 2030-yilgacha davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 80 foizga yetkazish;

    • 2030-yilgacha maktablarda o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;

    • OTMda o‘zbek tili kafedralari sonini 2030-yilgacha 140 taga yetkazish;

    • lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “O‘zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirish;

    • teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030-yilgacha 100 foizga yetkazish;

    • 2030-yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini va ulardan foydalanish uchun 25 ta onlayn dastur ishlab chiqish;

    • dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;

    • xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;

    • 2030-yilgacha xorijiy OTMda o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish.

Shuningdek, o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi.

Bugungi kunda ana shu hujjatlarda o‘z aksini topgan aniq va qamrovdor vzifalar ijrosini ta’minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur”.

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.

Shuningdek, bu boradagi sa’y-harakatlar, bir tomondan, ushbu sohada to‘planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan, yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o‘zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli vazifalarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur.

O‘zbek tili – O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgan. Universitet qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, maxsus o‘quv kurslari hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgan.

O‘zbekistonning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O‘zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e’tiborlidir.

Xulosa qilib aytganda, Davlat tili xalqimizning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlatning kuch-qudrati timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish millatidan qat’iy nazar har bir fuqaromizning insoniy burchi hisoblanadi. Binobarin, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi.

photo2025-04-0911-30-55.jpg

Joriy yilning 8-aprel kuni Navoiy viloyati EMMXda “Davlat tili – davlatning kuch-qudrati timsoli!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda xizmatning 1-toifali muhandisi J.Omonov xodimlarga Davlat tilining ahamiyati, davlatchilik shakllanishidagi o‘rni va uni mamlakatimizda yashovchi turli millat vakllarini bog‘lovchi yagona til sifatida qo‘llanib kelayotganligi to‘grisida yig‘ilganlarga ma’lumot berib, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan jahon arenalarida turli siyosiy-ijtimoiy tadbirlarda baralla o‘zbek tilida nutq so‘zlashlari turkiy tilli xalqlar va qardoshlarimiz tomonidan olqishlanayotganligini hamda Prezidentimizning bunday mardonovor harakatlari har bir o‘zbek qalbida g‘urur tuyg‘usini uyg‘otayotganligi albatta tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

 

Tayyorladi: Navoiy viloyati EMMX muhandisi A.Narziyev

Faylni tanlang