Davlat tili - davlatning ma’naviy boyligi. U ko‘nglimiz mulki, davlatimiz ulug‘ timsolidir. Bundan qariyb 37 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan. Buyuk allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib bormoqda.

O‘zbek tili boy va qadimiy tarixga ega bo‘lib, u turkiy tillar oilasiga mansubdir. Uning shakllanishi va rivojlanishi Markaziy Osiyo hududida yashagan qadimgi qabilalarning etnik va madaniy jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq holda bir necha muhim davrlarni bosib o‘tgan.
1. Qadimgi turkiy til davri (Miloddan avvalgi V asrdan – milodiy VIII asrgacha). Bu o‘zbek tilining eng qadimgi ajdodi hisoblanadi. Bu davr tili sodda, jonli va o‘ziga xos grammatik qoidalarga ega bo‘lgan.
2. O‘rta asrlar (Qoraxoniylar davri: IX – XII asrlar). Islom dinining kirib kelishi va Movarounnahrda Qoraxoniylar davlatining tashkil topishi bilan til yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu davrda arab yozuvi qabul qilinib, tilga ko‘plab arab va forscha so‘zlar kirib keldi.
3. Eski o‘zbek adabiy tili davri (XIV asr oxiri – XIX asr boshi). Bu o‘zbek tilining “oltin davri” bo‘lib, uning shakllanishida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoliyning xizmatlari beqiyosdir. Navoiy o‘zining asarlarida eski o‘zbek tilining badiiy imkoniyatlarini yuksak cho‘qqiga olib chiqdi va bu tilning fors tilidan kam emasligini isbotladi. Bu davr adabiy tili "Chig‘atoy tili" deb ham atalgan.
4. Yangi o‘zbek tili davri (XIX asr oxiri – XX asr boshi). Bu davrda adabiy til xalq so‘zlashuv tiliga yaqinlasha boshladi. Jadidchilik harakati vakillari (Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon) tilni murakkab iboralardan tozalash, uni soddalashtirish va xalqqa tushunarli qilish yo‘lida kurashdilar.
5. Sovet davri (XX asr – XX asr oxiri). Sovet hukumati davrida o‘zbek tilining yozuvi bir necha bor o‘zgardi. Dastlab arab yozuvidan lotin imlosiga, so‘ngra 1940-yilda kirill alifbosiga o‘tildi. Bu davrda til leksikasiga rus tilidan ko‘plab siyosiy, iqtisodiy va ilmiy atamalar kirib keldi. Shunga qaramay, tilning grammatik tuzilishi va milliy o‘zagi saqlanib qoldi.
6. Mustaqillik davri (1991-yildan hozirgi kungacha)
1989-yilning 21-oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga – Davlat tili maqomi berildi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Tilning erkinligi, uning taraqqiyoti bevosita xalqning erki, mustaqilligi bilan bog‘liq. Shu bois ona tilimiz ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi. Qadr-qimmati tiklanib, yuksalib bordi. O‘zbek tilida eng noyob asarlar, tarixiy-badiiy, ilmiy mavzulardagi qimmatli manbalar nashr qilindi. Dunyo va mumtoz adabiyotimizning eng saralari chop etilib kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. O‘zbek tiliga dunyoning eng mashhur adib va yozuvchilarining asarlari tarjima qilindi. Eng asosiysi, barcha davlat idoralarining rasmiy tili o‘zbek tili bo‘lib, hujjatlar ham davlat tilimizda yuritila boshlandi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasi bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Endilikda har yili 21-oktabr butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bayram sifatida nishonlanmoqda. Bu esa ona tilimizni qay darajada ardoqlashimizni va hurmat qilishimizni bildiradi.
Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Tilimizni e’zozlash, uning mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning ma’naviy burchimizdir.

Joriy yilning 1-iyul kuni Navoiy viloyati EMMXda “Davlat tili – millat ruhi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda xizmatning 2-toifali muhandisi J.Xo‘jayev xodimlarga o‘zbek tilining rivojlanish tarixi, davlat tilining ahamiyati, uni mamlakatimizda yashovchi turli millat vakllarini bog‘lovchi yagona til sifatida qo‘llanib kelayotganligi to‘grisida yig‘ilganlarga ma’lumot berib, o‘zbek tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib bormayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Tayyorladi: Navoiy viloyati EMMX 2-toifali muhandisi J.Xo‘jayev