2024-yilning 31-iyul kuni “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali binosida Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari uchun davlat idora va tashkilotlarining xodimlariga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni o‘rganish mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida xodimlarga o‘zbek tilining tarixi, jumladan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining kelib chiqish tarixi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hozirgi kunda sohalarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishning ahamiyati, lotin yozuvining imkoniyatlari va qulayliklari hamda lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Davra suhbatida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari, davlat tilida ish yuritilishi bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar, shuningdek, Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatining barcha turdagi hujjatlarini tayyorlash jarayonida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish vazifalari alohida tushuntirildi. Me’yoriy hujjatlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘llanmalardan foydalanishga doir ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati keng tushuntirildi.
Amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur davra suhbatida davlat tilida ish yuritilishi qoidalari bo‘yicha xodimlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX muhandisi I.O.Tojiyev