Soha yangiliklari

O‘zbekiston delegatsiyasi Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlikning oliy organi yig‘ilishida ishtirok etdi

18 aprel kunlari Belarusiya Respublikasining Minsk shahrida Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi aloqa ma’murlari rahbarlari kengashining 52-majlisi hamda MDH davlatlarida axborotlashtirishni muvofiqlashtiruvchi Kengashning 23-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 
 
 
Mazkur yig‘ilishda Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining to‘la huquqli a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilaridan iborat delegatsiya bilan birga, Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmanistonning vakillari hamda kuzatuvchi sifatida Latviya Respublikasi, «Intersputnik» xalqaro kosmik aloqa tashkiloti hamda «Yevtelsat» sun’iy yo‘ldoshli aloqa bo‘yicha hukumatlararo tashkilot vakillari, boshqa xalqaro muassasalar, aloqa operatorlari va o‘quv muassasalari mutaxassislari ishtirok etdilar. 
 
O‘zbekiston Respublikasining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov boshchiligida mazkur anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan "O‘zbektelekom" AK, Toshkent shahridagi Inha universiteti vakillari o‘rin olgan. Yig‘ilishda Sherzod Shermatov ishtirokchilar diqqatini O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish hamda "elektron hukumat"ni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan taqdimotga qaratdi.
 
Yig‘ilishda 2016 yilda aloqa ma’murlari ishtirokida o‘tkazilgan Elektraloqani standartlashtirish bo‘yicha butunjahon assambleyasi va Butunjahon pochta ittifoqining 26-kongressining natijalari muhokama qilindi. 
 
Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining ishchi organlari va Hamdo‘stlikning ijro etuvchi qo‘mitasining tashkiliy va texnik jihatdan puxta tayyorgarligi yig‘ilishning samarali o‘tishi hamda aloqa sohasi ma’murlari tomonidan bildirilgan taklif-mulohazalarning Elektraloqani standartlashtirish bo‘yicha butunjahon assambleyasi va Butunjahon pochta ittifoqining 26-kongressining Yakuniy aktida o‘z ifodasini topishiga xizmat qildi. 
 
Yig‘ilish qatnashchilari Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining 2017 yilda bo‘lib o‘tadigan Elektraloqa rivoji bo‘yicha butunjahon konferensiyasida, 2018 yilda o‘tkaziladigan Muxtor konferensiyada, shuningdek 2019 yilda bo‘lib o‘tadigan Radioaloqa assambleyasida ishtirok etish yuzasidan olib borayotgan tayyorgarligi bilan tanishdilar. 
 
Yig‘ilishda axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari muhokama qilindi hamda Xalqaro elektraloqa reglamenti bo‘yicha ekspertlar guruhining ilk yig‘ilishining natijalari va keyingi yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rishga oid ma’lumotlar tinglandi. 
 
Qatnashchilar Butunjahon pochta ittifoqining xalqaro byurosi tomonidan 2017-2020 yillarda Yevropa va Markaziy Osiyo hududida pochtani rivojlantirish bo‘yicha "Pochta tarmoqlari --
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni ishtirokchilari" deb nomlangan hududiy rejani va unga taalluqli harakatlar strategiyasini ma’qulladilar 
 
Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining xalqaro va hududiy tashkilotlar bilan hamkorligi masalasi ko‘rib chiqilib, Xalqaro aloqa akademiyasi jamiyati va Monopoliyaga qarshi kurash siyosati bo‘yicha davlatlararo kengash bilan 2 ta anglashuv memorandumi imzolandi. 
 
Shuningdek, yig‘ilishda 2015 yilda Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya yo‘nalishidagi rivojlanish darajasini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan monitoring natijalari asosida, a’zo mamlakatlarning bu borada barqaror rivojlanishi uchun maqsad-vazifalarni amalga oshirish, mamlakatlarda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari hamda ularni tatbiq etishning mexanizmlariga oid masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, 2020 yilga qadar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlarini Iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining 3-bosqichi (2016-2020 yillar)dagi chora-tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
 
Anjumanda Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining me’yoriy hujjatlariga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar ma’qullandi, tashkilot Ijroiya qo‘mitasi va Taftish komissiyasining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatiga oid hisobot tinglandi, shuningdek Kengash rahbarining, Muvofiqlashtiruvchi kengashning hamda Hamdo‘stlikning Ijroiya qo‘mitasi bosh direktorining o‘rinbosarlari saylandi. Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining Ishchi organi rahbarlari, shuningdek navbatdagi davr uchun Taftish komissiyasining tarkibi tasdiqlandi. 
 
Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining aloqa ma’murlari rahbarlarining kengashi -- Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlikning oliy organidir. Kengashning yig‘ilishlarida Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik tashkilotining muhim faoliyat yo‘nalishlari muhokama qilinib, rivojlanish bo‘yicha o‘zaro qarorlar qabul qilinadi. 
Muallif: Axborot xizmati

 

Faylni tanlang