Soha yangiliklari

AQSh kompaniyasi EPAM Systems rahbari Arkadiy Dobkin bilan mahalliy kadrlarni dunyo bozori talablari asosida tayyorlash hamda O'zbekistondagi bo'linmasi faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi

Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, shuningdek, IT sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda Arkadiy Dobkin IT-kompaniyalar uchun mamlakatimizda yaratilgan sharoitlarni alohida e’tirof etdi.

O‘z navbatida, Raqamli texnologiylar vaziri Sh.Shermatov “EPAM Systems” kompaniyasini O‘zbekistonda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida EPAM tizimlarini O‘zbekistonda keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning toʻliq rivojlanishi uchun bir necha 10 yil sarflanganini, Oʻzbekistonda esa bu faoliyatni 3-5 yil ichida amalga oshirishmumkinligini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, IT-biznesni yuritish, shuningdek, sohada investitsion loyihalarni yanada kengaytirish maqsadida hamkorlik qilish istiqbollari hammuhokama qilindi.

Ma’lumot uchun:

Amerikaning “EPAM Systems” kompaniyasi 1993-yilda asos solingan. “EPAM Systems” dasturiy ta‘minot ishlab chiqardi, tizimlarni markazlashtiradi, raqamli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi va laboratoriyalar tashkil qiladi. “Amazon”, “Google”, “IBM”, “Microsoft”, “Oracle” kabi yirik hamkor kompaniyalarga ega. “SAP” kompaniyasi esa uning mijozi hisoblanadi.

Bosh qarorgohi AQShning Pensilvaniya shtatidagi Nyutaun shahrida joylashgan “EPAM Systems” kompaniyasi 2019-yil 18-fevralda O‘zbekistonda o‘z filialini ochib, IT Park rezidenti bo‘lgan.

Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida bo‘linmalari faoliyat olib boruvchi ushbu kompaniya bugungi kunda Yevropaning turli davlatlariga o‘z xizmatlarini eksport qiluvchi O‘zbekistondagi yetakchi IT-eksport kompaniyalaridan biri bo‘lib, unda 700 nafardan ortiq xodim ishlaydi.

Faylni tanlang