Soha yangiliklari

Qozog‘istonda “Innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning roli” mavzusida ayollar muloqotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Ushbu tadbir Qozog‘istonning Markaziy Osiyo ayollari muloqotiga raisligini ochib berdi. Unda Qozog‘iston va O‘zbekiston parlamentlari palatalari spikerlari, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova vazirlik doirasida xotin qizlarni ITga jalb qilish, ularni IT sohasida o‘rnini oshirish maqsadida IT ta’limini kuchaytirish, ta’lim kreditlarini ajratish va turli xil loyihalar jumladan, xotin-qizlarni bilimini oshirish, bandligini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish, qiziqish va layoqatiga qarab yo‘nalish tanlashga ko‘maklashish hamda ularga motivasiya berish maqsadida tashkil etilgan vazirlik va IT parkning bir necha loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berdi: “Xususan, bugungi kunda ayollarning biznes jarayonlari raqamlashtirish yordamida soddalashtirilmoqda. Ayol kishi aqliy salohiyati bilan o‘zini o‘zi band qilsa va bu orqali kichik bo‘lsa-da, o‘z kapitaliga ega bo‘lsa, o‘ziga ishonchi ortadi”, deydi Kamola Sobirova.

Bundan tashqari, yurtimiz nomidan IT sohasida muvaffaqiyatga erishgan qizlar o‘zlarining loyihasi bilan qatnashib, ishtirokchilarga o‘z loyihalarining jamiyatga ijobiy ta’siri va kelajakdagi natijalari haqida so‘zlab berishdi.  

Shuningdek, sessiya yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotining 2023-yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi. Shu jumladan, Olmaota shahrida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” xalqaro konferensiyasini o‘tkazish. “Ayollar ishtirokida innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribalar” mavzusidagi sessiyasida yangi texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning rolini ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Sessiya davomida ishtirokchilar ayollar startaplarini, sun’iy intellektni, qishloq joylarda raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan raqamli loyihalar, shuningdek, oila va jamiyat, ayollar tadbirkorligi, kasb-hunar ta’limi va bandligini ta’minlashning dolzarb masalalarini hal etishga qaratilgan ishlanmalarni ko‘rib chiqdilar. Qolaversa, tadbir davomida muloqot ishtirokchilari e’tiborini ayollar duch kelayotgan tarkibiy va iqtisodiy muammolarga qaratdi.

Faylni tanlang