Soha yangiliklari

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun Forum va mehnat yarmarkasi tashkil etildi

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida 2026-yilgi 1-tanlov g‘olibi bo‘lgan stipendiatlar uchun Forum tashkil etildi.

Forum davomida mamlakatimizda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularni samarali davom ettirishda iqtidorli yoshlarning o‘rni hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, stipendiatlarga xorijda ta’lim olish va yashash tartib-qoidalari, ta’limni tamomlagandan keyingi majburiyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Yoshlarni Vatanga sadoqatli, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, g‘oyaviy-siyosiy jihatdan yetuk va vatanparvar kadrlar sifatida shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, uning asosiy maqsadlari va yoshlarning ushbu jarayondagi o‘rni haqida ham fikr almashildi.

Forum doirasida stipendiatlarga Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlarning faoliyati ham tanishtirildi. Xususan, IT Park, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi, UZINFOCOM, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, IT Park tomonidan startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro IT-kompaniyalarni jalb etish, rezidentlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda IT xizmatlari eksportini oshirish borasidagi ishlar taqdim etildi.

Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan davlat xizmatlarini tezkor, qulay va shaffof ko‘rsatish, elektron hukumat tizimini rivojlantirish hamda raqamli transformatsiya loyihalarini samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi.

UZINFOCOM faoliyati doirasida milliy axborot xavfsizligini ta’minlash, davlat organlarining IT-infratuzilmasini rivojlantirish, yagona davlat ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan O‘zbekistonning kosmik sohadagi dastlabki qadamlari, sun’iy yo‘ldoshlar loyihalari, xalqaro hamkorlikdagi ilmiy izlanishlar hamda yoshlarni ushbu istiqbolli yo‘nalishga tayyorlashga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.

Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi esa ta’lim jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, elektron platforma va resurslardan foydalanish hamda yoshlarning IT-ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan loyihalarni taqdim etdi.

Forum yakunida vazirlik tizimidagi tashkilot va korxonalar ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda stipendiatlar tashkilotlar faoliyati, mavjud ish o‘rinlari va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bilan tanishib, bo‘lajak ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Faylni tanlang