"EMMM" DUK yangiliklari

XUSH KELDING NAVRO‘ZI OLAM

Navro‘z bu - tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom, keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!

Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan, qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, yurtimizni ulug‘lab ko‘klarga ko‘tarib kelayotgan bayramdir.

Biz har yili bu ayyomni zo‘r tantanalar bilan nishonlaymiz. Har yili uning yangidan-yangi qirralarini, asrlar bo‘yi sir-sinoat bo‘lib kelayotgan jihatlarini kashf etib boraveramiz.

Navro‘z – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, do‘stu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni e’zozlashga chorlaydigan ulug‘ bayramdir. Ushbu qutlug‘ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ahillik tamoyillari yanada kuchayadi.

Ana shunday beqiyos fazilatlari tufayli Navro‘z nafaqat mamlakatimiz, balki butun Sharq olamida zamonlar osha bezavol yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Navro‘z yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini bir oiladek birlashtiradigan go‘zal bayramga aylandi.

Ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda. Yam-yashil dalalar va gullagan bog‘larda, maydon va xiyobonlarda, qishloq va ovullarda, mahalla va ko‘chalarda Navro‘zning dilbar taronalari – Yangi kun navolari yangramoqda. Qir-adirlarda mard o‘g‘lonlarimiz ko‘pkari chopib, kurash tushmoqda. Keksayu yosh yurtdoshlarimiz sumalak to‘la qozonlar atrofida o‘yin-kulgular qilib, bahor ne’matlari va bayram quvonchini o‘zaro baham ko‘rmoqdalar.

Hurmatli yurtdoshlar!

Siz, azizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli xalqimizni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimizdan samimiy tabriklaymiz.

Hammamiz orziqib va sog‘inib kutadigan yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!


 

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi N.M.Obidova


 

Faylni tanlang