Elektromagnit moslashuv markazida 2026-yil 4-fevraldan 11-aprelgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan talabalar uchun tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi va o‘tkazildi.

Mazkur o‘quv jarayonida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Radio va mobil aloqa” fakulteti 4-bosqich talabalari ishtirok etdilar. Ushbu o‘qitishning asosiy maqsadi talabalarda zamonaviy axborot tizimlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, ma’lumotlarni boshqarish va qayta ishlash sohasidagi nazariy bilimlarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
O‘quv dasturi doirasida Elektromagnit moslashuv markazi faoliyatida keng qo‘llaniladigan Spectra Data va Lic_EDO ma’lumotlar bazalarini o‘rganish va ulardan amaliy foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar ushbu tizimlarning funksional imkoniyatlari, tuzilishi, vazifalari hamda axborot bilan samarali ishlashdagi o‘rni bilan tanishtirildi.

Mashg‘ulotlar davomida talabalar zamonaviy raqamlashtirish sharoitida ma’lumotlar bazalarining ahamiyati, ularni to‘g‘ri yuritish, tizimlashtirish va doimiy ravishda yangilab borish zarurligi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash, ularni qayta ishlash va saqlashda belgilangan talablarga rioya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Amaliy mashg‘ulotlar quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi:
1. Spectra Data tizimida ma’lumotlarni izlash va qayta ishlash usullarini o‘zlashtirish;
2. Spectra Data tizimining statistik bo‘limi tuzilishi va imkoniyatlarini o‘rganish hamda ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajarish;
3. Lic_EDO tizimiga kelib tushadigan arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish tartibi bilan tanishish;
4. Lic_EDO tizimida zarur ma’lumotlarni izlash ko‘nikmalarini shakllantirish;
5. kiruvchi arizalarni ko‘rib chiqish va ularga belgilangan tartibda javob tayyorlash algoritmlarini o‘rganish.
O‘quv jarayonida talabalar nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ldilar, balki markaz mutaxassislari rahbarligida amaliy topshiriqlarni bajarish orqali o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu bilan birga, ma’lumotlar bilan ishlashda aniqlik, e’tibor va belgilangan tartiblarga rioya qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv yakunida ma’lumotlar bazalaridan foydalanish nafaqat Elektromagnit moslashuv markazi faoliyatida, balki telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va davlat boshqaruvi kabi ko‘plab sohalarda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Mashg‘ulotlar yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi, olingan bilimlar muhokama qilindi hamda o‘rganilgan tizimlarning real ish jarayonlarida qo‘llanilishiga oid amaliy misollar namoyish etildi.