EMMM yangiliklari

ELEKTROMAGNIT MOSLASHUV MARKAZIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BOSHQARUV TIZIMI ICHKI AUDITI YAKUNLARI TO‘G‘RISIDA HISOBOT

Elektromagnit moslashuv markazida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavflarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorati tizimini doimiy ravishda takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi faoliyat doirasida tashkilotda ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish boshqaruv tizimining navbatdagi ichki auditi o‘tkazildi. Ichki audit tashkilotning 2026-yil 15-iyundagi

87-son buyrug‘iga asosan tashkil etilib, mazkur buyruq bilan audit tadbirlari rejasi hamda olti nafar sertifikatlangan mutaxassisdan iborat ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Ichki auditning asosiy maqsadi Elektromagnit moslashuv markazida joriy etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish boshqaruv tizimining xalqaro standart talablariga muvofiqligini baholash, amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlar talablarining ijrosini o‘rganish, shuningdek, faoliyat jarayonlarini yanada takomillashtirish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi.

Audit jarayonida ishchi guruh tomonidan faqat tegishli hujjatlarni o‘rganish bilan cheklanib qolmasdan, tashkilotning markaziy apparatining xizmat va bo‘limlari xodimlari bilan alohida suhbatlar ham o‘tkazildi. Mazkur yondashuv normativ talablarning amaldagi ish jarayonlariga qay darajada tatbiq etilayotganini solishtirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining kundalik faoliyatdagi amaliy samaradorligini baholash imkonini berdi.

Audit yakunlariga ko‘ra, rejalashtirilgan korrupsiyaga qarshi tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilayotgani va ularning ijrosi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangani aniqlandi. Qolgan tadbirlarni joriy yil yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan.

Ichki audit natijalari bo‘yicha auditorlar tomonidan tashkilotning markaziy apparati xizmat va bo‘limlari faoliyat jarayonlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan 5 ta tavsiya berildi. Mazkur tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bugungi kunga qadar berilgan tavsiyalarning 3 tasi belgilangan muddatlarda to‘liq bajarildi. Qolgan 2 ta tavsiya bo‘yicha tegishli ishlar belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.

ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari asosida tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va xabardorligini muntazam oshirib borishdan iborat. Shu maqsadda, tashkilotda muntazam ravishda texnik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularning natijalari tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtirilmoqda.

Shuningdek, tashkilotning “Portal2” axborot portalidagi “Ichki hujjatlar” bo‘limida korrupsiyaga qarshi kurashish, amaldagi talablar va ichki hujjatlarga oid tegishli ma’lumotlar muntazam ravishda yangilanib borilmoqda. Bu, o‘z navbatida, xodimlarning zarur ma’lumotlardan o‘z vaqtida foydalanishiga, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini muntazam ravishda oshirib borishiga va belgilangan talablarni kundalik faoliyatida to‘g‘ri qo‘llashiga xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, xalqaro standart talablarining izchil joriy etilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish boshqaruv tizimining muntazam ravishda ichki auditdan o‘tkazilishi, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilishi hamda xodimlarning bilim va xabardorligini muntazam oshirib borish korrupsiyaviy xavflarning oldini olish va boshqarish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Shu bilan birga, mazkur tizimning samarali ishlashi har bir xodimning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan talab va tamoyillarga qat’iy rioya qilishi hamda ularni kundalik faoliyatida izchil qo‘llashiga bevosita bog‘liq.

 

Tayyorladi: Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi yetakchi mutaxassisi M. Mashurbekova

Faylni tanlang