Joriy yilning 30-oktabr kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun ZOOM ilovasi orqali huquqiy o‘quv soati tashkil etildi.

Tadbirni korxona boshlig‘i o‘rinbosari A.Xashimxodjayev ochib berdi. U o‘z chiqishida O‘zbekiston Respublikasida Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar borasidagi tashabbuslarni tahlil qilib, ushbu yo‘nalishning dolzarbligiga to‘xtaldi. Shuningdek, korxona faoliyati bilan bog‘liq sohalarda ham sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

O‘quv soati davomida Ish yuritishni boshqarish va ijro intizomini nazorat qilish xizmati yetakchi muhandisi R.Ganiyev so‘zga chiqib, hafta mobaynidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK tomonidan qabul qilingan buyruq va farmoyishlari haqida ma'lumot berdi.

Shundan so‘ng, Xo‘jalikni boshqarish xizmati yetakchi muhandisi A.Siddiqxo‘jayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 30-sentabrdagi “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-226-son Qonuni yuzasidan ma’ruza qilindi. U qonunning asosiy bandlari, yong‘in xavfsizligini ta’minlashdagi xodimlarning mas’uliyati hamda korxonalarda xavfsizlik madaniyatini oshirish zarurligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘quv soati yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Mazkur tadbir xodimlarda huquqiy bilim va mas’uliyatni oshirish, shuningdek, mehnat jarayonida qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etish bo‘yicha amaliy ahamiyat kasb etadi.
