Joriy yilning 7-avgust kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun ZOOM ilovasi orqali huquqiy o‘quv soati tashkil etildi.

O‘quv soatida:
Ish yuritishni boshqarish va ijro intizomini nazorat qilish xizmati yetakchi muhandisi R.Ganiyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi 2023-yil 3-iyuldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘RQ-850-son Qonuni mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi tovar yoki moliya bozorlarida raqobatning cheklanishiga, shuningdek raqobat yoki tabiiy monopoliya sharoitlarida iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni nazorat qilishni amalga oshirish hamda ularga chek qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan, raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan davlat organlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida va (yoki) undan tashqarida sodir etiladigan, O‘zbekiston Respublikasidagi tovar yoki moliya bozorida raqobatning cheklanishiga, shuningdek raqobat yoki tabiiy monopoliya sharoitlarida iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlariga (harakatsizligiga) nisbatan tatbiq etiladi.
Raqobat sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
insofli raqobat;
qonuniylik;
iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
shaffoflik;
tenglik.
Raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
-ste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligini inobatga olgan holda raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va ularni to‘xtatish;
-jamiyatda raqobatga qarshi har qanday xatti-harakatlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish;
-raqobat muhitini rivojlantirish hamda tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
-tovar va moliya bozorlari ishtirokchilarining iqtisodiy faoliyati erkinligini hamda tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash;
-tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatni amalga oshiradigan sohalarda raqobat muhitini shakllantirish;
-tovar va moliya bozorlarining ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni belgilash hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish;
-raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish.
Monopoliyaga qarshi komplayens
Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iboratdir.
Monopoliyaga qarshi komplayensning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishni amalga oshiruvchi, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiluvchi, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan davlat muassasalari, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari (bundan buyon matnda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi), xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda yuridik shaxslar birlashmalari faoliyatining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash hamda monitoring qilish;
-raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishi xatarlarini boshqarish;
-respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishlarini aniqlash va ularning oldini olish;
-insofli raqobatni shakllantirish va tartibga solish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda va yuridik shaxslar birlashmalarida monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish, uning ishlashini ta’minlash hamda monitoring qilish maqsadida mas’ul shaxs tayinlanadi.
Monopoliyaga qarshi komplayens majburiy tartibda:
-respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;
-tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda;
-oxirgi uch yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
-oxirgi uch yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foizni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
-yuridik shaxslarning birlashmalarida joriy etiladi.

-Boshliq o‘rinbosari A.Xashimxodjayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi budjetlarning mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini o‘rnatish to‘g‘risidagi 2025-yil 30-iyuldagi o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni mazmun-mohiyatini o‘quv soati qatnashchilariga yetkazib o‘tdi.

-Ish yuritishni boshqarish va ijro intizomini nazorat qilish xizmati 1-toifali muhandisi M.Mashurbekova tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi Hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 21-iyuldagi 23-son bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 4-avgustdagi 09-8/5456-son xati va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi majlisining 62-son bayoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.