O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Elektromagnit moslashuv markazi delegatsiyasi radiochastota spektrini boshqarish, radiomonitoring va zamonaviy aloqa texnologiyalari sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, shuningdek, Koreya Respublikasi Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligining Radiochastota spektrini boshqarish markaziy xizmati bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tomonlar radiochastota spektrini boshqarish, radiomonitoring tizimlarini rivojlantirish, spektrdan foydalanishni nazorat qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish va tashkilotlar o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Elektromagnit moslashuv markazi va Koreya Respublikasi Radiochastota spektrini boshqarish markaziy xizmati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Koreya delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak tashrifini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida delegatsiya Koreyaning yetakchi kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan radionazorat sohasidagi zamonaviy yechimlar bilan tanishdi. Radiochastota spektrini tahlil qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalari, taqsimlangan radiomonitoring tizimlari, uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash yechimlari va istiqbolli radiopelengatsiya vositalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, delegatsiya Koreya Respublikasi Milliy sun’iy yo‘ldosh monitoringi markaziga tashrif buyurib, geostatsionar va past orbital sun’iy yo‘ldosh tizimlari monitoringini tashkil etish, radioxalaqitlarni tekshirish amaliyoti va sun’iy yo‘ldosh aloqasini nazorat qilishning zamonaviy texnologiyalari bilan tanishdi.
Tashrif yakunida Koreya Respublikasining radionazorat, radiochastota spektrini boshqarish va sun’iy yo‘ldosh monitoringi sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi. Olingan bilimlar va o‘rnatilgan aloqalar xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va EMMM faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi.






