Jizzax viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida 7-may — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni hamda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda ushbu sohaga o‘z umrini bag‘ishlagan, halol va fidokorona mehnat orqali katta tajriba to‘plagan faxriylar bilan samimiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir doirasida faxriylarning ko‘p yillik xizmat faoliyati, ularning kasbiy mahorati, soha rivojiga qo‘shgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Ularga samimiy tabriklar, ezgu tilaklar bilan birga esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi. Bunday e’tibor va e’tirof faxriylar uchun beqiyos qadr va hurmat timsoli bo‘ldi.
Xizmat boshlig‘i D.Y. Usmanov o‘z chiqishida ta’kidlab o‘tdiki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bugun jahon miqyosida shiddat bilan taraqqiy etayotgan sohalardan biri sanaladi. Shu nuqtai nazardan, bu sohada faoliyat yuritib kelgan katta avlod vakillarining boy tajribasi, yuksak mas’uliyat hissi va halol mehnatga bo‘lgan sadoqati bugungi yosh mutaxassislar uchun munosib namuna bo‘lib xizmat qilishi kerak. Bu kabi uchrashuvlar orqali biz yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, keksalarga hurmat va sohaga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga intilamiz, – deya qayd etdi.
Faxriylar ham o‘z navbatida ushbu samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik izhor etib, o‘z hayotiy tajribalari, shuningdek, yosh avlodga tegishli maslahat va takliflarini bildirishdi. Ular uchun bu kabi uchrashuvlar nafaqat xotira, balki yuksak e’tibor, e’zoz va qadrlash ramzi sifatida qabul qilindi.
Ushbu tadbir, shubhasiz, avlodlar o‘rtasidagi samimiy aloqalarni mustahkamlash, soha an’analarini saqlash va davom ettirish, shuningdek, mehnat fidoyilarini ulug‘lashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Jizzax viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi X.A.Israilov