"EMMM" DUK yangiliklari

G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari xiyoboni”ga tashrif

Joriy yilning 20-avgust kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasiga asosan G‘alaba bog‘ida joylashgan “Millat fidoyilari xiyoboni”ga tashrif buyurdilar.

photo2025-08-2509-42-19.jpg

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu ulug‘vor yodgorlik — mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining mangu xotirasiga bag‘ishlangan.

photo2025-08-2509-42-25.jpg

Majmua o‘zining ramziy arxitekturasi bilan ajralib turadi: yuqoridan qaralganda u Vatanimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Qariyb ikki metr balandlikdagi yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini bajarib, ularning yon tomonlariga 196 nafar millat fidoyisining nomi zarhal harflar bilan bitilgan. Ularning hayot yo‘li, orzu-intilishlari, xizmatdagi fidoyiliklari zamonaviy monitorlar orqali foto va video lavhalar yordamida namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarda chuqur taassurot qoldiradi.

photo2025-08-2509-42-31.jpg

Bayrog‘imizdagi yarim oy tasviridan ilhomlanib bunyod etilgan mo‘jaz amfiteatr xiyobonga alohida ko‘rk bag‘ishlagan. Uning yuqori qismidan poklik va hayot ramzi bo‘lgan suv oqib turadi. Orqa tomonda joylashgan haykaltaroshlik kompozitsiyasi esa badiiy g‘oyaga yakun yasagan. Bu asarda farzandini Vatan himoyasiga kuzatayotgan ota-ona siymosi markaziy o‘rinni egallagan. Ularga yonma-yon tarzda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari obrazlari mujassamlashtirilgan. Bu tasvirlar fidoyilik va sadoqatning timsoliga aylangan.

photo2025-08-2509-42-36.jpg

Tashrif davomida xodimlar “Shon-sharaf” muzeyini ham tomosha qilib, undagi boy tarixiy eksponatlar, fotosuratlar va hujjatlar bilan tanishdilar. Muzey millatimizning o‘tmishi, urush yillari mashaqqatlari, xalqimizning mardona kurashi va jasoratlarini yodga solib, mehmonlarda chuqur hayajon uyg‘otdi.

photo2025-08-2509-42-41.jpg

“EMMM” DUK jamoasi mazkur tashrifdan katta ma’naviy ozuqa olib, mustaqillik va tinchlikning naqadar bebaho ne’mat ekanini yana bir bor his etdilar. Xodimlar ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirib, fidoyilar merosini asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini ta’kidladilar.

photo2025-08-2509-42-46.jpg

photo2025-08-2509-42-51.jpg

photo2025-08-2509-42-57.jpg

Faylni tanlang