Soha yangiliklari

AKT vaziri LG CNS vitse-prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev Koreyaning LG CNS kompaniyasi vitse-prezidenti Jong Vun Yul bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida O‘zbekiston axborot texnologiyalari bozorining bugungi holati yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda LG CNS kompaniyasi imkoniyatlari va tajribasidan foydalanish, o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 1987 yilda tashkil etilgan LG CNS kompaniyasi «LG Group»ning sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Hozirgi kunda kompaniya Janubiy Koreyadagi eng yirik tizim integratori va mamlakatda elektron hukumat tashabbuslarini ilgari suruvchi lokomotiv hisoblanadi. Bundan tashqari, Koreya elektron hukumatida axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni joriy qilish bo‘yicha ishlarning 60 foizdan ziyodi LG CNS hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniya, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida, xususan konsalting, tizim integratsiyasi, tarmoq integratsiyasi, biznes jarayonlar va axborot texnologiyalari autsorsingi kabi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi. «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasi O‘zbekistonda real iqtisodiyot va elektron hukumat uchun axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish uchun 2014 yilda tashkil etilgan.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang