Soha yangiliklari

Vazirlik bosh yuriskonsulti KOICA grantini yutib oldi

 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi soha mutaxassislarining bilim-ko‘nikmalarini xalqaro tajriba misolida boyitishga alohida diqqat qilmoqda. Jumladan, vazirlik yo‘llanmasi bilan mutaxassislarning grant asosida xorijdagi qisqa va uzoq muddatli ixtisoslashgan o‘quv kurslarida malaka oshirib qaytishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Vazirlik Yuridik bo‘limi bosh yuriskonsulti Darya Abdalimova 2008 yildan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatib keladi. U axborotlashtirish va "elektron hukumat" sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi, "Elektron hukumat to‘g‘risida"gi, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunlarini, shuningdek sohaga daxldor me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda faol ishtirok etib kelmoqda. 

Darya Abdalimova yaqinda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning granti asosida Koreya Respublikasida magistratura yo‘nalishida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

"Xalqaro AKT siyosati" yo‘nalishida tashkil etiladigan kurslarda "elektron hukumat" bo‘yicha Janubiy Koreyaning boy tajribasi, axborotlashtirish yo‘nalishida zamonaviy tendensiyalar yaqindan o‘qitiladi. Bu esa Darya Abdalimovaga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan axborotlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etish, milliy va jahon tajribasini qo‘llash orqali yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish imkonini beradi.

Siz ham kelajakda istiqbolli sohada kasbiy muvaffaqiyatga erishish istagida bo‘lsangiz, sizni jamoamizga taklif qilamiz.

Nima uchun Siz aynan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida yoki davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining AKT bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalarida mehnat faoliyatingizni davom ettirishingiz muhim?

Buning uchun asos va omillar yetarli, xususan:

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining barcha sohalarda keng tatbiq etilayotganligi bu yo‘nalishda yuqori malakali hamda salohiyatli kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojning oshishiga sabab bo‘lmoqda;

O‘z navbatida, AKT yo‘nalishida kasbiy muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari ham kengaymoqda; 

Soha mutaxassislari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining AKT bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalariga rahbar lavozimlariga tavsiya etilmoqda; 

Xorijning nufuzli ta’lim muassasalarida grantlar asosida magistratura, doktorlik yo‘nalishlarida tahsil olish, shuningdek malaka oshirish kurslarida o‘qib kelish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda;

Xodimlar tomonidan ilgari surilgan har bir g‘oya va tashabbuslar rahbariyat tomonidan xayrixohlik bilan qo‘llab-quvvatlanib, amalga oshirilmoqda;

Mehnat faoliyati davomida ko‘rsatilgan faollik, unumdorlik ham ma’nan (idoraviy mukofotlar va turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirish), ham moddiy jihatdan (raqobatbardosh ish haqi) qadrlanadi va amaliy rag‘batlantiriladi;

Vazirlik tizimida har bir xodim uchun kafolatli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash (tibbiy sug‘urta, moddiy yordam ko‘rsatish) tizimi joriy etilgan;

Bilimli, tashabbuskor va tirishqoq, aksariyat xodimlari yoshlardan iborat sohada loyihalarni va g‘oyalarni samarali amalga oshirish yanada osondir.

Agar sizda biz bilan birga ishlash istagi uyg‘ongan bo‘lsa, obyektivka-ma’lumotnomangizni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Kadrlar bo‘limiga 2017 yilning 20 avgustiga qadar quyidagi manzil orqali taqdim etishingiz lozim:

Toshkent shahar, A.Temur shoh ko‘chasi, 4-uy yoki HR@mitc.uz elektron pochta manziliga.

Ma’lumot uchun telefonlar: 2384116, 2384143, 2384312.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang