"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tili-millat koʻzgusi!

Til - millatning ma’naviy boyligidir. Til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish - millatning yuksalishi demakdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, Qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, oʻz madaniyati, azaliy qadriyatlari, shuningdek, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratishi tabiiy.

Ona tilimiz - o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi- xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham qator o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosida obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

Goʻzal va jozibador ona tilimizning bebaho qadriyat ekanligini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish katta avlod uchun ham farz, ham qarzdir. Demak, til millatning maʼnaviy-ruhiy boyligi, mulki, timsoli ekan, uni eʼzozlash, yuksalishi, sofligi, boyligi yoʻlida kurashish, milliy qadriyat darajasiga koʻtarish barchamizning oliy burchimizdir. 

 

Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX 2-toifali muhandisi X.U.Qosimova

Faylni tanlang