Soha yangiliklari

IUTning bir guruh talabalari Koreyadagi Inha universitetining Yozgi maktabida ishtirok etdilar

Toshkent shahridagi Inha universitetining (IUT) bir guruh talabalari 17 iyuldan 4 avgustga qadar Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Yozgi maktabida ishtirok etdilar.

Ibrat Obidov, Nig‘matjon Anvarov, To‘lqinjon Isoqov, Malika Jo‘rayeva, Jamoliddinxo‘ja Odilxo‘jayev, Dostonxon Ozodxo‘jayev, Ilhom Rahimov, Abdul Jamol Salim, Iroda O‘lmasboyeva va Darxonbek Mamataliyevlar Koreya Respublikasidagi Inha universitetining Yozgi maktabida bepul ishtirok etdilar.

Qayd etamiz, Yozgi maktabning 10 nafaridan 9 nafari 2017 yilning fevral-aprel oylarida universitetda o‘tkazilgan ichki tanlovlarda g‘olib chiqishdi. Darxonbek Mamataliyev Toshkent shahridagi Inha universitetidagi faol ishtiroki hamda CodeCraft kursining rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun Koreyadagi Yozgi maktabda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, besh nafar IUT talabalari esa Yozgi maktabda o‘zlari ishtirok etdilar.

O‘zbekistonlik talabalardan tashqari Koreya Respublikasidagi Inha universitetida Indoneziya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakat vakillari ishtirok etdilar.

Iroda O‘lmasboyeva shunday dedi: “Yozgi maktabda 16 ta mamlakatdan ziyod talabalar ishtirok etganligi tufayli, biz nafakat Janubiy Koreya, balki Xitoy, Indoneziya, Malayziya, Fransiya va boshqa mamlakatlar madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik”.

“Ular bilan do‘stlashganimizdan so‘ng esa, ularning urf-odatlari haqida ma’lumot oldik. Yozgi maktab yakunlariga ko‘ra, biz esdalik sovg‘alari va elektron manzillarimiz bilan almashdik, hozirda ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turibmiz”.

IUT talabalari tashrif davomida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti kampusi va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Yozgi maktabda talabalar “Koreys tili”, “Siyosat va Sharqiy Osiyoning xalqaro munosabatlari”, “Koreya va uning madaniyati”, “Koreyada biznes va iqtisodiyot”, “Kelajakning yangi texnologiyalari” va boshqa shu kabi kurslarda ishtirok etdilar.

Dostonxon Ozodxo‘jayev shunday dedi: «Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Yozgi maktabida biz Koreya madaniyati va urf-odatlari bilan tanishish bilan birga, bizning asosiy sohamiz bo‘lgan axborot texnologiyalari yangiliklari bilan ham tanishdik».

“Uch hafta davomida biz “Modern Technologies for the Future” kurslarida ishtirok etdik. Kurs davomida biz axborot texnologiyalari olamidan yangi narsalarni o‘rgandik va turli sohalarga oid innovatsiyalar bilan tanishdik. Aminmanki, biz egallagan tajriba kelajakdagi faoliyatimizda aks qotadi”, - qo‘shimcha qildi u.

“Kurs davomida biz nafaqat ma’ruzalar tingladik, balki turli laboratoriyalarga tashrif buyurdik va u yerda Koreya Respublikasidagi Inha universiteti muhandislari amalga oshirayotgan loyihalar bilan tanishdik”, - dedi Ozodxo‘jayev.

“Shu bilan birga, biz koreys tili kurslarida ishtirok etdik va koreys tilida o‘qish va yozishni o‘rgandik. Menga Yozgi maktab juda yoqdi va men o‘zim uchun yangi narsalarni bilib oldim”, - dedi IUT talabasi.

O‘zbekistonlik yoshlar yozgi maktab davomida bir necha laboratoriyalarda, jumladan 3D printing va suvni qayta ishlash laboratoriyalarida bo‘ldilar va ularning faoliyati bilan tanishdilar.

“Menga biz borgan laboratoriyalar juda yoqdi. Bizga 3D printerlarni va ularning ishlashlarini namoyish etdilar, jumladan oddiy polimerlardan san’at mahsulotlarini ishlab chiqarishni. 3D printer uchun deyarli hech narsa kerak emas – internetdan kerakli nushani ko‘chirasiz va chop etish tugmasini bosasiz, xolos. Men shunday 3D printer uyimda bo‘lishini istar edim”, - dedi Jamoliddinxo‘ja Odilxo‘jayev.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang