Soha yangiliklari

ICT FORUM 2017 ma’ruzalar qabul qilishni boshladi

2017yil 20-21-sentabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da ICTWEEK Uzbekistan haftaligining eng ko‘p kutilgan tadbirlaridan biri - ICT FORUM 2017 - axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha Forum bo‘lib o‘tadi.

Forumni o‘tkazishdan maqsad – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining zamonaviy yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun mutaxassislar maydonchasini yaratish. Forum blok-konferensiyalar, seksion majlislar, master-klasslar va interaktiv munozaralar formatida bo‘lib o‘tadi.

Ma’ruzachilarga elektron hukumat, axborot xavfsizligi, iqtisodiyot sektoridagi raqamli o‘zgarishlar, bulutli texnologiyalar haqidagi mavzularni ochib berish taklif etiladi.

“Elektron hukumat” tizimi faoliyati bo‘yicha ma’ruzada katta hajmli ma’lumotlardan foydalanish (xizmatlarning sifatini oshirish, ochiq ma’lumotlar, “aqlli” shaharlar), xizmat ko‘rsatilishi tartibini takomillashtirish (BPR, ma’muriy jarayonlar, davlat xizmatlari institutini rivojlantirish, taqdim etilayotgan davlat xizmatlarini baholash, idoralararo elektron hamkorlik tizimi hamda AKT yordamida aholi bilan muloqot qilish kabi mavzular ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu mavzu bo‘yicha ma’ruzalarni 20-sentabrda soat 9.30 dan 13.30 gacha tinglashingiz mumkin bo‘ladi.

Moliya sektoridagi raqamli o‘zgarishni muhokama qilish jarayonida onlayn-banking va to‘lov tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘lovlar, banklar uchun bulutli yechimlar, blok-cheyn va boshqa mavzulari yoritiladi. Ushbu mavzudagi majlis ham 20-sentabr kuni bo‘lib, soat 14.00 dan 18.00 gacha bo‘lib o‘tadi.

AT infratuzilmasi seksiyasida bulutli yechimlar, ma’lumotlar va bulutli platformalar xavfsizligi, servisli yondashish, keng polosali aloqa liniyalari infratuzilmasini, simsiz va mobil aloqani rivojlantirish mavzulari hamda shu sohadagi boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etiladi. Ma’ruzachilar 21-sentabrda soat 9.30 dan 13.30 gacha o‘z ma’ruzalarini taqdim etadilar.

Tuzilma va axborot tizimlarini himoya qilish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasi ilg‘or yechimlari va texnologiyalari, narsalar Interneti (Internet of things) yechimlarining himoyasini ta’minlash, DDoS-hujumlardan himoya va boshqa mavzular axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan ma’ruzalarda yoritiladi. Ushbu mavzu bo‘yicha ma’ruzalar – 21-sentabrda soat 14.00 dan 18.00 gacha bo‘lib o‘tadi.

Ma’ruzalarni taqdim qilish va buyurtma berish muddatlari:

Ma’ruzalar qisqacha, ammo asosli baholash uchun yetarlicha bo‘lgan ma’lumotalrni o‘z ichiga oluvchi tezis sifatida (A4 formatda, bir bet) ko‘rib chiqiladi.

Tezislarni taqdim etish muddati – 2017y. 15-avgustgacha.

Tezis qabul qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnoma ICTWEEK Uzbekistan 2017 tashkiliy qo‘mitasidan 2017y. 1-sentyabrgacha yuboriladi.

Batafsil ma’lumot www.ictweek.uz saytida.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang