Elektromagnit moslashuv markazi xodimlari zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar bilan tanishdilar.
Elektromagnit moslashuv markazining Radionazorat va texnik rivojlanish xizmati xodimlari ICTWEEK ko‘rgazmasida ishtirok etib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi zamonaviy yutuqlar, innovatsion ishlanmalar hamda yangi texnik yechimlar bilan yaqindan tanishdilar.
Ko‘rgazma davomida xodimlar robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar), sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida namoyish etilgan qurilmalar hamda ishlanmalarni ko‘zdan kechirdilar. Jumladan, zamonaviy robotlar va qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan dronlarning imkoniyatlari, ularning amaliy qo‘llanilishi hamda texnologik xususiyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida sohada qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, yangi texnik imkoniyatlar haqida ma’lumot olish va tajriba almashish uchun sharoit yaratildi. Bu esa radionazorat faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish, texnik salohiyatni oshirish hamda kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
ICTWEEK kabi ko‘rgazmalarda ishtirok etish xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda elektromagnit moslashuv va radiochastota spektridan samarali foydalanish sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganishga xizmat qiladi.



Elektromagnit moslashuv markazi zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, texnik salohiyatni rivojlantirish va sohada innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi.