"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari bilan integratsiyasi

Bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilining xalqimizning ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda davlat tili muhim o‘rin tutadi. Davlat tilining sofligini saqlash va boyitish, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi  xalqlar va millatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, strategik maqsadlar, ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni, shuningdek, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning istiqbolli bosqichlarini belgilash Yangi O‘zbekiston qurilishi sharoitida ayniqsa muhimdir.

O‘zbek tili davlat tili maqomini saqlab qolishi uchun u boshqa jahon tillari orasida munosib o‘rin egallashi kerak. Buning uchun  davlat tili siyosatini “Milliy tiklanishdan - milliy taraqqiyotgacha” g‘oyasi nuqtai nazaridan tushunishimiz kerak bo‘ladi.

Uzoq muddatli istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, davlat tilini rivojlantirish ko‘plab yo‘nalishlarda amalga oshirilishi zarur. Shu nuqtayi nazardan, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari bilan faol integratsiyasini ta’minlash muhim yo‘nalishlardan biridir. “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi”ga asosan davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalaridagi o‘rnini kuchaytirish, zamonaviy dasturiy ishlanmalarni yaratishdagi mavqeyini oshirish yo‘nalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur bo‘ladi:

-o‘zbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy ma’lumotlarni o‘zida jamlagan elektron ko‘rinishdagi o‘zbek tili milliy korpusini yaratish;

-o‘zbek tilini Internet jahon axborot tarmog‘ida ommalashtirish, unda munosib o‘rin egallashini ta’minlash, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kompyuter dasturlarini keng miqyosda amaliyotga tatbiq qilish;

-o‘zbek tilidagi matnlar tahririga mo‘ljallangan kompyuter dasturlarini yaratish;

-o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini yaratish;

-davlat tilida yaratilgan dasturiy ta’minotlarning yagona sertifikatlash va standartlashtirish xizmatini joriy etish.

Yangi O‘zbekiston qurilishi sharoitida - davlat taraqqiyotining yangi bosqichida - davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish amalga oshirilayotgan islohotlarning bevosita natijasidir.

 

Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi Raimdjanov J.S.

Faylni tanlang