"EMMM" DUK yangiliklari

Sifatsiz GSM retranslyator qurilmalaridan foydalanish - radioxalaqitlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda

Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan axborot texnologiyalarini, xususan, mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mobil aloqaning keyingi avlodlarini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

Ammo, aholi va biznesning telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishga bo‘lgan talabi kundan kunga ortib borayotganligi sababli, uzoq aholi yashash maskanlarida, yerto‘lalarda mobil internetning sifati va qamrovi yetarli bo‘lmayotganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Bunday hollarda, ya’ni, mobil aloqa va internet qamrovi yetarli bo‘lmagan hudud va joylarda mobil qamrovni yaxshilash maqsadida ayrim fuqarolar tomonidan bilib-bilmay har-xil turdagi sifatsiz, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan signal kuchaytirgich, repiterlardan foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bunday repitorlar o‘zlaridan radioxalaqitlar hosil qilib mobil aloqa operatorlarining tayanch stansiyalari normal ish rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa, ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholining mobil aloqa qamrovini yanayam yomonlashishiga va murojaatlar sonini ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalar bo‘yicha Respublika Kengashining 2022-yil 23-avgustdagi №707-sonli Qaroriga binoan texnik shartlarga mos kelmaydigan mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqish (yaratish), modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va xorijdan olib kirish (xorijdan xarid qilish) va ulardan foydalanish qat’iyan man qilingan.

Amaldagi qonunchilik va radiochastota spektridan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, hamda, kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan xizmatimiz tomonidan doimiy radiomonitoring va o‘rganish ishlari tashkillashtirilgan.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida aniqlangan sifatsiz va tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan retranslyator qurilmalari faoliyati to‘xtatilib, egalari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpogiston Respublikasi EMMX 1-toifali muhandisi N.Narimov

Faylni tanlang