"EMMM" DUK yangiliklari

Navoiy viloyatining chegara oldi hududlarida radiomonitoring oʻlchov ishlari.

Raqamli texnologiyalar rivojlangan davrda elektromagnit to‘lqinlarning o‘rni beqiyosdir. Biz kundalik hayotimizda ko‘radigan raqamli televideniyadan tortib uyali aloqa vositalarigacha, kosmik aloqadan tortib radioeshittirish dasturlarigacha elektromagnit to‘lqinlardan foydalaniladi. Ushbu to‘lqinlarning yana bir diqqatga sazovor bo‘lgan xususiyatlaridan biri bu uning tarqalishi chegara bilmasligidir. Bir davlatda tarqalayotgan radioto‘lqinlarni boshqa bir davlatda turib qabul qilsa bo‘ladi. Bir davlatda efirga uzatilayotgan tele-radio dasturlarni qo‘shni bo‘lgan respublikalardagi aholi ko‘rishi va tinglashi mumkin. Uning bu xususiyatidan kerakli maqsadlarda keng foydalanib kelinmoqda. Ammo uning salbiy ta’sirlari ham bo‘lishi mumkin. Chetdan kirib kelayotgan to‘lqinlar bizning respulikamiz hududida ishlayotgan radioelektron vositalar uchun radioxalaqitlar keltirib chiqarishi yoki hududimizdagi to‘lqinlarning elektromagnit moslashuvchanligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shu sababli bunday yuz berishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldini olish maqsadida respublikamiz chegara oldi hududlarida doimiy ravishda radiomonitoring tadbirlari olib boriladi.

 

 

Biz bilamizki Navoiy viloyati hududining kattaligi jihatidan respublikamiz viloyatlari ichida yetakchi o‘rinni egallaydi va Qozog‘iston respublikasi bilan uzun bo‘lgan chegaraga ega. Shu sababli joriy yilning mart oyida bizning Navoiy viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan Navoiy viloyati chegara oldi hududlarida keng ko‘lamli radiomonitoring o‘lchov ishlari olib borildi. O‘lchov ishlari chegaraga yaqin joylashgan bir qancha aholi yashash punktlarida o‘tkazildi. O‘rganish ishlari natijasida Navoiy viloyati chegara hududiga qo‘shni respublikadan kirib kelayotgan radioto‘lqinlar kuzatilmadi.

Tayyorladi: Navoiy viloyati EMMX muhandisi S.E.Ermamatov

Faylni tanlang