"EMMM" DUK yangiliklari

Qashqadaryo viloyati hududida mobil aloqa qamrovini o‘rganish

Mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda. Shunga qaramay, olis qishloq aholi punktlarida mobil aloqa va internet tarmog‘ining rivojlanish sur’atlari yetarli emas.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi, O‘zkomnazorat Qashqadaryo viloyati hududiy inspeksiyasi, Qashqadaryo viloyati EMM xizmati hamda mobil aloqa operatorlari hamkorligida viloyat hududida aloqa qamrovi sifatsiz va qamrov mavjud bo‘lmagan aholi maskanlarida aloqa va internet qamrovini o‘rganish bo‘yicha reja tasdiqlangan.

Ushbu rejaga asosan Qashqadaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati muhandislari tomonidan o‘lchov qurilmalari yordamida mobil aloqa qamrovini aniqlash maqsadida o‘lchov ishlari olib borildi. Radiomonitoring ishlari viloyatning 160 ta aholi maskanlarida ushbu aholi maskanlarining geografik joylashuvi va relyefini hisobga olgan holda olib borildi. O‘rganish natijalari tomonlar bilan birgalikda tahlil qilindi. Yaqqol muammolardan biri bu o‘rganish manzillarining aksariyati murakkab relyefli hududlarda joylashganligidir. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tog‘li, murakkab relyefli hududlarda aholi punktlarining geografik joylashuvi sababli ba’zida bitta aholi punktini bitta mobil aloqa baza stansiyasi bilan qamrab olishning imkoniyati mavjud emas hamda ushbu hududlarda har doim ham mobil aloqa tizimi resurslaridan to‘liq foydalanilmaydi. Bu esa kiritilgan sarmoyalarning samarasizligiga olib kelishi mumkin. Yechim sifatida mobil aloqa kompaniyalariga o‘zaro kelishgan holda resurslardan birgalikda foydalanish tizimini, ya’ni RAN Sharing(Radio access network Sharing) ni yo‘lga qo‘yish taklifi berildi.

Ushbu usulni amaliyotda qo‘llash murakkab texnik yechimlar, o‘zaro hisob-kitoblarni va qo‘shimcha kelishuvlarni ishlab chiqishni talab qilishi mumkin.

Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish, nafaqat Qashqadaryo viloyatidagi olis aholi punktlarida mobil aloqa qamrovi sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki boshqa hududlarda ham o‘z samarasini beradi.

Qashqadaryo viloyati EMMX

1-toifali muhandisi B.Qulmirzaev

Faylni tanlang