Soha yangiliklari

“Kelajak tarmoqlari” XEIning forumi hamda “Muvofiqlik va funksional moslikni sinovdan o‘tkazish” treningi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlik (ASMH)ning elektraloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 44-yig‘ilishi doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, “O‘zbektelekom” AK hamda Xalqaro elektraloqa ittifoqi – XEI bilan hamkorlikda “Kelajak tarmoqlari” forumi hamda “Muvofiqlik va funksional moslikni sinovdan o‘tkazish” treningi bo‘lib o‘tdi.

sliderUshbu forumda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov, XEI mintaqaviy byurosining MDH mintaqasi boʻyicha dastur koordinatori Farid Naxli hamda ASMH ishtirokchi davlatlarining vakillari ishtirok etdilar.

Xalqaro elektroaloqa ittifoqining “Kelajak tarmoqlari” forumi doirasida AKTdagi texnologik tendensiyalar, 5G/IMT-2020 aloqa tarmoqlari va 6G/IMT-2030 ga o‘tish, avtonom aloqa tarmoqlari, Kvant kalitlarni taqsimlash tarmoqlari, IP transporti sohasidagi innovatsiyalar, Markaziy Osiyoda aloqa va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish, Metaolamni standartlashtirish va XEI-T fokus guruhining natijalari, Sankt-Peterburg davlat texnologiya universiteti qoshidagi 6G Meganetlab laboratoriyasida istiqbolli tarmoq va xizmat ko‘rsatish texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar kabi mavzularda Xitoy, Rossiya, Armaniston, Avstriya kabi davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro toifadagi mutaxassislar taqdimotlari bilan qatnashdilar.

Olingan tajriba, savol-javoblar va bu borada fikr almashish maydoniga aylangan forumda aynan aloqa va raqamli texnologiyalar sohasida O‘zbekiston tajribasi bilan ham tanishildi.

Xususan, bugungi kunda respublikada raqamlashtirish jarayoni jadal amalga oshirilayotgani, bu esa kompaniyaning xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi va salmog‘i ortayotganini bildirishi ta’kidlandi.

Raqamlashtirish har bir sohaga kirib bormoqda, tarmoqlarni modernizatsiya qilish orqali xalqaro chegara tutashuvlari soni ko‘paytirilgani va bu boshqa davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani aytib o'tildi. Shuningdek, internet tarmog‘iga keng polosali ulanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun tranzit kanallarini taqdim etish uchun zaxira hajmi oshirilgani haqida to‘xtaldi.

Forumning uchinchi kunida esa “Muvofiqlik va funksional moslikni sinovdan o‘tkazish” treningi ham bo‘lib o‘tdi. Treningda asosan tashrif buyurgan ekspertlar nutqlari tinglandi hamda zarururiy ma’lumotlar muhokama qilindi.

Faylni tanlang