Soha yangiliklari

OneWeb kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Bugun, 7-iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov OneWeb kompaniyasining Bozorga kirish bo‘yicha direktori Ivan Zaysev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, AKT vazirligi vakillari hamda “O‘zbekkosmos” agentligi rahbarlari ham ishtirok etishdi.  Bugungi kunda OneWeb kompaniyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya vakili O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganini bildirib o‘tdi. Joriy yilning 16-may kuni “O‘zbekkosmos” agentligi hamda kompaniya o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangandi. Memorandumning asosiy maqsadi – O‘zbekiston bozoriga OneWeb sun’iy yo‘ldoshli aloqa kompaniyasini jalb qilish, shuningdek, kompaniyaning geostasionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bog‘liq bir qator tadbirlar, shu jumladan, tartibga solish masalalarini muhokama qilish va OneWeb sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish uchun davlatning asosiy ehtiyojlarini aniqlashdan iborat. Bugungi uchrashuvda ham kompaniya tomonidan hududlar va olis qishloq aholi punktlarini, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarni OneWeb aloqa sun’iy yo‘ldoshlari orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internet bilan ta’minlashni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflar bildirib o‘tildi. Uchrashuv so‘ngida tomonlarni qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha fikrlar almashildi.
Faylni tanlang