
Bugungi kunda davlat boshqaruvida qonuniylik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 24-sentabrdagi 106-son buyrug‘i bilan davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom komplayens xizmatlarining vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini belgilab, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali ichki nazorat tizimini shakllantirishni nazarda tutadi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.
Nizomga muvofiq, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tizimli tahlil qiladi, ularni baholaydi va kamaytirish choralarini ishlab chiqadi. Shuningdek, davlat xaridlari, budjet mablag‘laridan foydalanish, moliyaviy operatsiyalar va investitsiya loyihalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarni aniqlash hamda ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ichki nazoratning muhim yo‘nalishlaridan biri manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etish, davlat xaridlari hamda tanlovlarning shaffofligini ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy omillarni kamaytirishdir. Bu jarayonlarda raqamlashtirish, ochiq ma’lumotlarni muntazam yangilash va elektron axborot tizimlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Nizomda komplayens xodimlarining mustaqilligi va kasbiy malakasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ularni lavozimga tayinlash ochiq va shaffof tanlov asosida amalga oshiriladi, tegishli hollarda Agentlik bilan kelishiladi. Ichki nazorat xodimlariga xizmat vazifalaridan kelib chiqmaydigan topshiriqlar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ularning faoliyati samaradorligini pasaytirish, lavozimidan ozod etish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalari belgilangan tartibda Agentlik bilan kelishiladi.
Shuningdek, nizomda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini ISO 37001:2025 xalqaro standarti talablariga muvofiq rivojlantirish, xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish, muntazam o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etish nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimining samarali faoliyati davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik, ochiqlik va mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur talablarning izchil amalga oshirilishi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish va samarali davlat boshqaruvini rivojlantirishning muhim omilidir.
Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S.Raimdjanov.